Nurotada ishga kiritish uchun 1,5 ming dollar olgan mansabdor ushlandi

Navoiy viloyatining Nurota tumanida fuqaroni tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan mansabdor shaxs pul olayotgan vaqtida ushlangani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nurota tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Hamshira sifatida ishga kiritishni va’da qilgan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, G‘ozg‘on shahar tibbiyot birlashmasi Markaziy poliklinikasi mudiri o‘rinbosari fuqaroni shahar tibbiyot birlashmasiga hamshira lavozimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u fuqarodan $1,5 ming talab etgani aytilmoqda.
Pul olayotgan vaqtda ushlangan
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs kelishilgan $1,5 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Mansabdor shaxsning aybi sud hukmi bilan qonuniy kuchga kirguniga qadar u aybsiz hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Navoiyda 212,9 gramm oltin savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.