Onix va Tracker avtomobillarida motor moyini qachon almashtirish kerak

2-sentabr 2026 11:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Onix va Tracker avtomobillarida motor moyini qachon almashtirish kerak
Kollaj: Avtoe’lon

UzAuto Motors Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarida motor moyini har 5000 kilometrda yoki olti oyda bir marta almashtirishni tavsiya qiladi. Bunda qaysi chegara birinchi kelsa, texnik xizmat shu vaqtda amalga oshirilishi kerak.

«O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmati qayd etishicha, 5000 kilometrlik interval moy aynan shu masofadan keyin birdaniga yaroqsiz bo‘lib qolishini anglatmaydi. Bu muddat dvigatelning ishlash sharoiti, moyning xususiyatlari va texnik talablar hisobga olingan holda belgilangan.

Nega aynan 5000 kilometr?

Motor moyining vazifasi faqat dvigatel qismlarini moylashdan iborat emas. U ishqalanishni kamaytiradi, dvigatel detallarini sovitishga yordam beradi, ifloslanishlarni o‘zida ushlab turadi va qismlarni yeyilishdan himoya qiladi.

Biroq dvigatel ishlashi davomida moy doimiy ravishda yuqori harorat, yonish mahsulotlari hamda qizish va sovish sikllari ta’sirida bo‘ladi. Natijada uning dastlabki xususiyatlari asta-sekin o‘zgarib, himoya qilish imkoniyati pasayib boradi.

Shu sababli 5000 kilometr — moyning aniq «yaroqlilik chegarasi» emas, balki uning himoya xususiyatlari barqaror saqlanishini hisobga olgan holda belgilangan texnik xizmat oralig‘i hisoblanadi.

Shahardagi 5000 km bilan trassadagi masofa bir xil emas

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Avtomobilning faqat odometr ko‘rsatkichiga qarab moy holatini baholash ham to‘g‘ri emas.

Masalan, trassada bosib o‘tilgan 5000 kilometr bilan shahardagi tirbandliklarda bosib o‘tilgan shu masofa dvigatel uchun bir xil yuklama bermaydi. Tirbandlik vaqtida avtomobil deyarli harakatlanmasligi mumkin, biroq dvigatel ishlashda davom etadi. Bu vaqtda odometrga kilometr qo‘shilmasa-da, moy ish rejimida qoladi.

Qisqa masofali safarlar ham alohida ahamiyatga ega. Bunday holatda dvigatel va motor moyi har doim ham optimal ish haroratiga yetishga ulgurmaydi.

5000 km yurilmasa ham olti oyda moy almashtiriladi

Onix va Tracker uchun shu sababli ikkinchi chegara ham belgilangan — olti oy. Ya’ni avtomobil olti oy davomida atigi 2000 kilometr yurgan bo‘lsa ham, belgilangan muddat kelgach motor moyini almashtirish tavsiya etiladi.

Foto: Autostrada

«O‘zavtosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, moy holatiga vaqtning o‘tishi bilan birga ko‘p marotaba sovuq dvigatelni ishga tushirish, qisqa safarlar, namlik va yonilg‘ining moyga aralashishi kabi omillar ham ta’sir qilishi mumkin.

Shuning uchun Onix va Tracker egalari uchun tavsiya «5000 kilometr yoki olti oy — qaysi biri birinchi kelsa» tamoyili asosida ishlaydi.

Faqat vaqtida emas, to‘g‘ri moydan foydalanish ham muhim

Motor moyini o‘z vaqtida almashtirishning o‘zi yetarli emas. Ishlab chiqaruvchi dvigatel uchun belgilangan spetsifikatsiyaga mos moydan foydalanish ham muhimligini ta’kidlaydi.

Onix va Tracker dvigatellari uchun UzAuto Motors Powertrain talablariga mos 0W-20 motor moyidan foydalanish tavsiya etiladi.

0W belgilanishi moyning past haroratdagi xususiyatlarini, 20 esa dvigatel ish haroratiga yetgandagi qovushqoqlik sinfini bildiradi.

Shu sababli «qalinroq moy dvigatelni yaxshiroq himoya qiladi» degan qarash har doim ham to‘g‘ri emas. Zamonaviy dvigatellarning moylash tizimi va detallar orasidagi bo‘shliqlar ishlab chiqaruvchi belgilagan muayyan qovushqoqlikdagi moyga moslab loyihalashtiriladi.

Avvalroq «Kursiv» Cobalt avtomobilining asosiy kamchiliklari aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek