O‘zbekistonda naqd valyutani olib chiqish bo‘yicha yangi limit joriy etiladi

O‘zbekistondan chet elga naqd valyuta olib chiqish tartibi o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar mamlakatdan $10 ming ekvivalentigacha bo‘lgan naqd valyutani deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Yangi me’yor qonunchilikka kiritiladi
Bu tartib prezidentning 28-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan bojxona sohasini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, $10 ming ekvivalentidan ortiq naqd valyuta olib chiqilayotganda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi kerak bo‘ladi.
Yangi talabni amaliyotga joriy etish uchun tegishli qonun loyihasi 2027-yil dekabrigacha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Jarayonga Bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Adliya vazirligi mas’ul etib belgilangan.
Hozirgi tartib qanday
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslar O‘zbekistonning naqd milliy valyutasi yoki chet el valyutasini 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdorda olib kirsa yoki olib chiqsa, bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi lozim.
Mazkur chegara avval 70 million so‘mni tashkil etgan. Endilikda esa naqd valyutani mamlakatdan olib chiqishda limitni AQSh dollaridagi ekvivalent orqali belgilash taklif qilinmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda bank aktivlari 1 kvadrilliondan oshgani haqida yozgandi.