Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qiladi

eʼlon qilindi
Yangi tartib 15-sentabrdan kuchga kiradi
Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qiladi
Foto: Bloomberg

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kungacha vizasiz qolish imkoniyatini bekor qilmoqda. 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailandning 30 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar ro‘yxatiga ham kiritilmaydi.

Bu haqdagi qaror Tailand hukumatining 31-avgustda e’lon qilingan hujjati bilan tasdiqlangan. Yangi tartib hujjat e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib, ya’ni 15-sentabrdan kuchga kiradi.

60 ta davlat fuqarolari 30 kungacha vizasiz kira oladi

Yangi qoidalarga ko‘ra, Tailand 60 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz qolish muddatini 30 kungacha belgilaydi. Ular orasida AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar bor.

MDH davlatlari orasidan yangi ro‘yxatga faqat Qirg‘iziston kiritilgan.

O‘zbekiston fuqarolari yangi ro‘yxatda yo‘q

O‘zbekiston yangi 60 davlatlik ro‘yxatga kiritilmagan. Shuningdek, mamlakat fuqarolari vizani kelganda olish imkoniyati berilgan davlatlar qatoridan ham joy olmagan.

Tailandga 15-sentabrgacha kirib ulgurgan O‘zbekiston fuqarolari esa eski tartib asosida mamlakatda 60 kungacha vizasiz qolishi mumkin.

«Viza-ran»larga ham cheklov qo‘yiladi

Tailand hukumati vizasiz rejimdan foydalanib, mamlakatdan chiqib qayta kirish orqali qolish muddatini muntazam uzaytirish amaliyotini ham cheklamoqda.

Yangi tartib bo‘yicha vizasiz rejimdagi davlatlar fuqarolari quruqlikdagi chegara punktlari orqali Tailandga bir yil davomida ko‘pi bilan ikki marta vizasiz kirishi mumkin. Malayziya, Bruney, Indoneziya va Singapur fuqarolari uchun esa istisno belgilanadi.

Ayrim davlatlar uchun boshqa tartib amal qiladi

Seyshel va Mavrikiy fuqarolariga Tailandda 15 kungacha vizasiz qolish huquqi beriladi. Ozarbayjon, Belarus va Serbiya fuqarolari esa vizani mamlakatga kelganidan keyin olishlari mumkin.

Tailandning O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan yangi tartibi bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar hozircha aniqlashtirilmoqda.

Qaror chet elliklar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar fonida qabul qilindi

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, vizasiz qolish muddatini qisqartirishga xorijiy fuqarolar ishtirokidagi huquqbuzarliklar sonining ko‘payishi ham sabab bo‘lgan.

So‘nggi davrda Tailandda ruxsatsiz mehmonxonalar va maktablar ochish kabi holatlar bo‘yicha xorijliklarning qo‘lga olinishi ko‘paygani qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlarini to‘xtatgani haqida yozgandi.

Shuningdek