Toshkent viloyatidagi maktabga qozoq yozuvchisi nomi berildi

eʼlon qilindi
U Bo‘stonliqda tug‘ilgan
Toshkent viloyatidagi maktabga qozoq yozuvchisi Rahmetolla Rayimqulov nomi berildi
Foto: JI

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Qoramanas qishlog‘ida joylashgan 34-sonli maktabga taniqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmetolla Rayimqulov nomi berildi. Qaror O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va Toshkent viloyati hokimining qarori asosida qabul qilingan, deb xabar berdi Kursiv.Media.

Maktabda tantanali tadbir o‘tkaziladi

2-sentabr kuni maktabda yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda yozuvchi xotirasini uning tug‘ilib o‘sgan hududida abadiylashtirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning davlat va jamoat arboblari, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi vakillari ishtirok etadi.

Shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tug‘janov, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor va yozuvchining qizi Aqtoti Rayimqulova ham tadbirga tashrif buyuradi.

Yozuvchiga bag‘ishlangan memorial burchak ochiladi

Tadbir doirasida maktabning yangilangan kutubxonasi hamda Rahmetolla Rayimqulov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan memorial burchak ochilishi ko‘zda tutilgan.

Kutubxona fondini boyitish maqsadida yangi kitoblar topshiriladi. Bundan tashqari, o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yozuvchining adabiy merosini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etiladi.

Tadbirda taniqli yozuvchilar va adabiyotshunoslar Qulbek Yergobek va Nurg‘ali Oraz, ijodkor ziyolilar, yozuvchining avlodlari, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar ham qatnashishi kutilmoqda.

Rahmetolla Rayimqulov Bo‘stonliqda tug‘ilgan

Rahmetolla Rayimqulov 1913-yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Qoramanas qishlog‘ida tug‘ilgan.

U qozoq va o‘zbek adabiyoti hamda madaniyati rivojiga, shuningdek, ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.

Yozuvchining «Yashil beles», «Tuyali odam», «Baldakli odam», «Qora jorg‘a» kabi romanlari va boshqa asarlari qozoq adabiyotining e’tiborli namunalari sifatida e’tirof etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Toqayevga maktub yo‘llagani haqida yozgan edi.

Shuningdek