Toshkentda kirish vizasi uchun $31,2 ming olgan ikki shaxs ushlandi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Toshkentda kirish vizasi uchun $31,2 ming olgan ikki shaxs ushlandi
Foto: DXX

Toshkent shahrida uch nafar xorijiy fuqaroga O‘zbekistonga kirish vizalarini noqonuniy yo‘l bilan rasmiylashtirib berishni va’da qilgan ikki shaxs ushlandi. DXX ma’lumotiga ko‘ra, 1985-yilda tug‘ilgan Toshkent shahri fuqarosi xorijliklarga vizalarni tanishlari orqali olib berish evaziga $31,2 ming talab qilgan.

$31,2 ming olayotgan vaqtida ushlandi

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan $31,2 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning $4,2 mingini u o‘zida qoldirishi, qolgan $27 mingni esa Toshkent shahrida yashovchi, 1960-yilda tug‘ilgan boshqa fuqaroga yetkazib berishi kerakligi aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan.

Ikkinchi shaxs ham $27 ming bilan qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan keyingi tadbirda 1960-yilda tug‘ilgan fuqaro $27 mingni olayotgan vaqtida ushlangan.

Rasmiy ma’lumotda mazkur mablag‘ xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonga kirish vizalarini noqonuniy tarzda rasmiylashtirib berish bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumonlanuvchilarning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlanmaguncha ular aybsiz hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» Navoiyda 212,9 gramm oltin savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek