Xpeng Mona L05 global taqdimot oldidan Xitoyda ko‘rindi

2-sentabr 2026 15:38 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xpeng Mona L05 global taqdimot oldidan Xitoyda ko‘rindi
Foto: Xpeng

Xpeng kompaniyasining yangi Xpeng Mona L05 elektr SUV modeli global taqdimot oldidan Xitoy yo‘llarida sinov vaqtida ko‘rindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model Mona ommaviy segmentidagi uchinchi avtomobil bo‘lib, undan avval M03 sedani va L03 krossoveri taqdim etilgan.

CarNewsChina ma’lumotiga ko‘ra, Xpeng Mona L05 besh o‘rindiqli o‘rta o‘lchamli SUV bo‘lib, to‘liq elektr BEV va yurish zaxirasi uzaytirilgan EREV versiyalarida ishlab chiqariladi.

Xpeng Mona L05 uzunligi 4,87 metrni tashkil etadi

Xpeng Mona L05 haqidagi dastlabki ma’lumotlar avvalroq Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi bazasida paydo bo‘lgan edi.

Foto: Xpeng

Modelning uzunligi 4870 mm, kengligi 1930 mm va balandligi 1636 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2940 mm ga teng.

Tashqi dizayn Mona oilasining boshqa avtomobillariga yaqin uslubda ishlangan. Old qism yopiq ko‘rinishga ega bo‘lib, Y shaklidagi faralar va qiya kapot qo‘llanilgan.

Avtomobil, shuningdek, yarim yashirin eshik tutqichlari, «suzuvchi» tom dizayni va kuzovning butun orqa qismi bo‘ylab cho‘zilgan yagona chiroq blokiga ega.

20 dyuymli g‘ildiraklar va sariq tormoz supportlari

Yo‘lda ko‘rilgan Xpeng Mona L05 och rangli kuzovda bo‘lgan.

Model 20 dyuymli g‘ildiraklar, orqa qismda qoraytirilgan oynalar va sariq rangdagi tormoz supportlari bilan jihozlangan.

Old qanotlarda esa ko‘r nuqtalarni nazorat qilish tizimi uchun kameralar joylashtirilgan. Bu avtomobilning haydovchiga yordam beruvchi ilg‘or elektron tizimlarga ega bo‘lishini ko‘rsatadi.

Foto: Xpeng

Salon minimalistik uslubda yaratilgan

Mona L05 interyerida Xpeng zamonaviy va sodda dizayn konsepsiyasini davom ettirgan.

Old panel markazida katta multimedia ekrani joylashgan. Uzatmalar selektori ikki spitsali oval shakldagi rul ortiga o‘rnatilgan.

Markaziy tunnel noodatiy egri shaklga ega bo‘lib, unda smartfonni simsiz quvvatlash maydonchasi, ikkita stakan ushlagich va katta saqlash bo‘limi mavjud. Eshik kartalari ham ortiqcha elementlarsiz, minimalistik ko‘rinishda ishlab chiqilgan.

Elektr versiyasi 660 km gacha yurishi mumkin

Xpeng Mona L05’ning to‘liq elektr versiyasi orqa o‘qqa o‘rnatilgan 183 kVt quvvatli elektromotor bilan jihozlanadi. Bu taxminan 245 ot kuchiga teng. Energiya manbai sifatida 71,1 kVt-soat sig‘imli LFP akkumulyatori ishlatiladi.

Komplektatsiyaga qarab, avtomobil CLTC sikli bo‘yicha bir quvvatlashda 615 km dan 660 km gacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng G9L avtomobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek