
Lotus Xitoy bozorida bir vaqtning o‘zida uchta yangi model — Emira 420 Sport, Emeya 900 Gold va Eletre 900 Gold’ni taqdim etdi. Yangiliklar ichki yonuv dvigatelli sportkar, yuqori unumdor elektr sedan va elektr SUV segmentlarini qamrab oladi.
Yangi avtomobillar orasida eng arzon model Emeya 900 Gold bo‘lib, uning narxi 918 ming yuan, ya’ni qariyb $135 mingdan boshlanadi. Eletre 900 Gold 928 ming yuan — taxminan $136 mingdan, Emira 420 Sport esa 988 ming yuandan $145 minggacha bo‘lgan boshlang‘ich narxda taklif qilinadi.
Emira 420 Sport — eng yengil va kuchli versiya
Emira 420 Sport kompaniya tomonidan Emira oilasining eng kuchli va eng yengil versiyasi sifatida taqdim etildi. Lotus uni yo‘lda yurishga moslashtirilgan trek darajasidagi sport avtomobili deb ta’riflamoqda.

Model aerodinamikasi sezilarli darajada qayta ishlangan. Old qismdagi uch bo‘lakli havo kanallari tashqi radiatorga havo oqimini 15%, markaziy radiatorga esa 14% oshirgan. Tormozlarni sovitish samaradorligi ham 10% yaxshilangan.
Avtomobil Emira Turbo SE’dan 5 mm pastroq bo‘lib, 300 km/soat tezlikda orqa qismda qo‘shimcha 25 kg bosim kuchi hosil qiladi. Titan chiqarish tizimi va yengil litiy akkumulyator tufayli avtomobilning bazaviy og‘irligi 1 430 kg ni tashkil etadi. Maxsus yengillashtirilgan paket bilan vazn yana 25 kg ga kamayishi mumkin.
Emira 420 Sport 3,9 soniyada 100 km/soatga chiqadi
Sportkar AMG M139 2.0T to‘rt silindrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. U 420 ot kuchi va 500 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi.
Kuch sakkiz pog‘onali ikki muftali transmissiya orqali orqa g‘ildiraklarga uzatiladi. Model 0 dan 100 km/soatgacha 3,9 soniyada tezlashadi, maksimal tezligi esa 300 km/soatni tashkil qiladi.
Emira 420 Sport uzunligi 4 413 mm, kengligi 1 896 mm va balandligi 1 225 mm. G‘ildirak bazasi 2 570 mm ga teng.

Emeya 900 Gold — 918 ot kuchiga ega elektr sedan
Emeya 900 Gold faol aerodinamika tizimiga ega bo‘lib, unga faol panjara, ikki qavatli qanot, faol amortizator va faol orqa diffuzor kiradi. Tizim avtomobil tezligi va tanlangan haydash rejimiga qarab avtomatik ishlaydi.
Avtomobil kuzovida qariyb 62 ta karbon tolali detal ishlatilgan. Ular umumiy hisobda 6,1 kvadrat metr maydonni egallaydi.
Model 800 voltli arxitekturaga asoslangan ikki elektromotorli to‘liq uzatma tizimi bilan jihozlangan. Elektromotorlar jami 918 ot kuchi va 985 Nm aylanish momentini taqdim etadi.
Emeya 900 Gold 2,78 soniyada «yuzlik»ka chiqadi

Emeya 900 Gold CATL kompaniyasining 102 kVt-soatli NCM akkumulyatoriga ega. CLTC standartida yurish zaxirasi 530 km ni tashkil qiladi.
Elektr sedan 0 dan 100 km/soatgacha 2,78 soniyada tezlashadi, maksimal tezligi 256 km/soatga yetadi. 420 kVt quvvatli tezkor zaryadlash tizimi besh daqiqada 180 km yurishga yetadigan energiyani tiklash imkonini beradi.
Salonda ikkita Qualcomm Snapdragon 8155 chipi ishlaydi. Model Hyper OS tizimi, 15,1 dyuymli OLED markaziy ekran va 55 dyuymli tasvirga teng AR-HUD proyeksion displey bilan jihozlangan.
Emeya 900 Gold Sepang xalqaro avtodromida seriyali elektromobillar orasida 2 daqiqa 20,317 soniyalik aylana rekordini ham qayd etgan.
Eletre 900 Gold — 918 ot kuchli elektr SUV
Eletre 900 Gold ham 800 voltli platformaga asoslangan. Uning ikki elektromotori jami 918 ot kuchi va 985 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.
Avtomobil CATL’ning 112 kVt-soatli NCM akkumulyatori bilan jihozlangan bo‘lib, CLTC siklida bir quvvatlashda 560 km masofani bosib o‘tishi mumkin.
Model 0 dan 100 km/soatgacha 2,95 soniyada, 200 km/soatgacha esa 9,5 soniyada tezlashadi. Maksimal tezligi 265 km/soatni tashkil etadi. Eletre ham Emeya kabi 420 kVt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yangi elektromobil ishlab chiqarishi haqida yozgan edi.