Zafarobod hokimi KIA’da YTHga uchradi: u jonlantirish bo‘limida

Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov xizmat avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Hodisa oqibatida hokim va uning o‘g‘li jarohatlangan. Eshpo‘latov hozirda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga viloyat IIB JXX YHXB xabar berdi.
Hokim xizmat mashinasida YTHga uchragan
Yo‘l-transport hodisasi 30-avgust kuni sodir bo‘lgan. Jizzax viloyati IIB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, avtohalokatda ikki kishi tan jarohati olgan va ular tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latovga biriktirilgan KIA Seltos rusumli xizmat avtomobili katta yuk mashinasining orqa qismiga borib urilgan.
Rulda hokimning voyaga yetmagan o‘g‘li bo‘lgan
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, YTH vaqtida avtomobil rulida hokimning maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bo‘lgan.
Hodisaning aniq sabablari va barcha tafsilotlari hozircha rasmiy ravishda ochiqlanmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar holat bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.
Hokimning ahvoli og‘ir
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialidan olingan ma’lumotga ko‘ra, G‘ayratjon Eshpo‘latovning ahvoli og‘ir. U shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Hokimning o‘ng soni va chap boldiri singan. Uning o‘g‘li ham jarohatlangan – bolaning oyog‘i singan, hozirda ahvoli yaxshi ekani bildirilgan.
Mas’ullar YTH yuzasidan o‘rganish ishlari yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.
G‘ayratjon Eshpo‘latov 2024-yildan buyon Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Avvalroq Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidan o‘tuvchi M-34 avtomobil yo‘lida Chakman va Captiva rusumli avtomobillar to‘qnashishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgandi.