Bir dollarlik Tramp tangalari sotuvga chiqdi

AQSh zarbxonasi prezident Donald Tramp tasvirlangan bir dollarlik tangalarni sotuvga chiqardi. Ular asosan kolleksion mahsulot sifatida taklif qilinayotgan bo‘lsa-da, federal qonunchilikka ko‘ra nominal qiymati $1 bo‘lgan qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, tangani do‘konda oddiy bir dollarlik pul sifatida ishlatish har doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. AQShda xususiy bizneslar qaysi to‘lov shakllarini qabul qilishini ma’lum darajada o‘zi belgilaydi.
Tramp tangalari qancha turadi
AQSh zarbxonasi tangalarni 25 donadan iborat rulonlarda $61 dan, 100 donalik qoplarda esa $154,50 dan sotmoqda.
Zarbxona ma’lumotiga ko‘ra, tangalar oddiy muomaladagi tangalarga o‘xshash qoplamaga ega, biroq sotuvdan oldin real pul muomalasiga chiqarilmagan. Shunga qaramay, ulardan qonuniy to‘lov vositasi sifatida foydalanish mumkin.
Bu yerda muhim farq bor: kolleksioner tanga uchun nominal qiymatidan bir necha baravar ko‘p pul to‘lashi mumkin, biroq to‘lov vaqtida uning qonuniy qiymati baribir $1 bo‘lib qoladi.
Nega Tramp tangasi haqiqiy pul hisoblanadi
AQSh qonunchiligida «legal tender» tushunchasi qarzlar, soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qonuniy pulni anglatadi.
Shu sababli AQSh zarbxonasi Tramp tasvirlangan tangani $1 nominal qiymatga ega qonuniy to‘lov vositasi sifatida baholamoqda.
Biroq bu barcha do‘kon va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tangani qabul qilishi shart degani emas. Federal qoidalar xususiy bizneslarga ayrim holatlarda qaysi to‘lov usullarini qabul qilishni mustaqil belgilash imkonini beradi.
Avvalroq «Kursiv» Tramp Hormuzni «Tramp bo‘g‘ozi» deb atashni taklif qilgani haqida yozgan edi.