Hokimlar haftada 3 kun faqat kambag‘allik va bandlik bilan shug‘ullanadi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi
Hokimlar haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik bilan shug‘ullanadi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik masalalariga e’tibor qaratadi.

Yangi tizim Xorazm viloyatida o‘tkazilgan ikki haftalik tahlil natijalari asosida ishlab chiqilmoqda. Bu haqda davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.  

Har bir hududda shtab tashkil etiladi

Yangi tartibga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida alohida shtablar tuziladi.

«Mahalla yettiligi» uchun mas’ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi.

Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari esa shtablarga joylardagi muammolarni hal etishda yordam beradi.

Xorazmda 81 ming kambag‘al aholining holati o‘rganildi

Ikki hafta davomida Xorazmda 19 ming oiladagi 81 ming kambag‘al aholi holati o‘rganilgan. Ularning orasida 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past fuqaro borligi aniqlangan.

Shu bilan birga, hududdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming ishchi izlayotgani ma’lum bo‘lgan.

Mas’ullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar talabi asosida kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

10 – 15 ming kishining daromadini oshirish mumkin

Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambag‘al oilalardagi 10 – 15 ming kishining daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, o‘rganilgan oilalarda 48 ming nafar bola borligi ma’lum qilindi.

Har bir tumanda kamida 1-2 ta texnikum va 4-5 ta o‘quv markazi faoliyat yuritayotgani hisobga olinib, kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

Ayollar va yoshlar bandligiga ham e’tibor qaratiladi

Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ortiq ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bog‘cha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, 646 nafar kollej o‘quvchisi va oliygoh talabasini yangi loyihalardan kelib chiqib dual ta’lim asosida kasbiy ko‘nikmalarga o‘rgatish imkoniyati borligi aytildi.

Pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 kishiga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali ularni parvarish qilayotgan oila a’zolarining daromadli mehnat bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish mumkinligi ham qayd etildi.

Xorazmda o‘tkazilgan tahlil boshqa viloyatlarga ham tatbiq etilib, kambag‘allik va bandlik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim butun mamlakat bo‘ylab joriy qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ayrim hudud rahbarlarini keskin tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ayrim hudud rahbarlarining qo‘lidagi tayyor imkoniyatlardan unumli foydalanib, odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayapti. Shuningdek, ular zamonaviy iqtisodiyotdagi tebranishlar va tezkor o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglamayotgani qayd etildi.

Shuningdek