Husanov va Satpayevning maoshi solishtirildi

O‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov va qozog‘istonlik iqtidorli hujumchi Dastan Satpayev Angliya futboliga yo‘l olgan Markaziy Osiyoning eng istiqbolli yosh futbolchilari qatorida tilga olinmoqda. Biroq ularning Angliyadagi faoliyati mutlaqo boshqa moliyaviy sharoitda boshlangan.
Sports24.kz ma’lumotlariga ko‘ra, «Manchester Siti»ga 2025-yil yanvarida kelib qo‘shilgan Husanovning dastlabki maoshi qozog‘istonlik futbolchinikidan 15 baravardan ko‘proq bo‘lgan.
Husanov haftasiga 50 ming funt olgani aytilmoqda
Capology platformasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Abduqodir Husanov «Lans»dan «Manchester Siti»ga o‘tgach, haftasiga qariyb 50 ming funt sterling maosh ola boshlagan.

Bu yiliga bonuslarsiz taxminan 2,6 mln funt sterlingni tashkil etadi.
Albatta, Angliya klublari futbolchilarning maoshini rasman oshkor qilmagani sabab ushbu raqamlar norasmiy hisob-kitoblarga asoslangan.
Satpayevning maoshi ancha past
18 yoshli Dastan Satpayev esa Yevropadagi faoliyatini endigina boshlamoqda. «Chelsi»ga tegishli futbolchi hozirda «Bernli»da ijara asosida harakat qilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, qozog‘istonlik hujumchining oylik maoshi taxminan 14 ming funtni tashkil qiladi. Bu yiliga qariyb 168 ming funt sterlingga teng.

Taqqoslash uchun, Satpayevning bir oylik maoshi Husanovning «Manchester Siti»dagi taxminan bir haftalik daromadidan ham kamroq.
Farq 15,5 baravarga teng
Yillik daromadlar hisoblanganda Husanov va Satpayev o‘rtasidagi tafovut yanada yaqqol ko‘rinadi.
- Abduqodir Husanov – yiliga taxminan 2,6 mln funt;
- Dastan Satpayev – yiliga taxminan 168 ming funt.
Demak, Husanovning Angliyadagi dastlabki yillik maoshi Satpayevning hozirgi daromadidan qariyb 15,5 baravar yuqori bo‘lgan.
Bunga futbolchilarning Angliyaga kelgan paytdagi maqomi ham ta’sir qilgan. Husanov «Manchester Siti»ga Fransiya chempionatida tajriba orttirgan va Yevropada o‘zini ko‘rsatishga ulgurgan tayyor futbolchi sifatida kelgan.
Satpayev esa hozircha Yevropa futbolidagi ilk qadamlarini tashlamoqda. Shu bois ikki futbolchining maoshidagi katta tafovut nafaqat klublarning moliyaviy imkoniyatlari, balki ularning faoliyatidagi turli bosqichlarni ham aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanov qancha soliq to‘lashi haqida yozgan edi.