Imtiyozli temir yo‘l chiptalarini olish tartibi ma’lum qilindi

eʼlon qilindi
Imtiyozli chiptani onlayn ham olish mumkin
Temir yo‘l tizimida chiptalar sotuvi vaqtincha to‘xtaydi
Foto: Rzd

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yashovchi ayrim toifadagi fuqarolar temir yo‘l chiptalarini maxsus tarif asosida xarid qilishi mumkin. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun fuqaroning imtiyozli toifaga mansubligi va ushbu hududlarda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlash talab etiladi.

Hozirda temir yo‘l chiptaxonalarida fuqaroning ID-kartasi orqali uning yashash manzilini avtomatik aniqlash imkoniyati mavjud emas.

Shu sababli imtiyozli chipta xarid qilishda zarur hollarda Qoraqalpog‘iston respublikasi yoki Xorazm viloyatida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjat so‘ralishi mumkin.

Kompaniya bu talab tashuvchi tomonidan alohida joriy etilmaganini, balki amaldagi tartibdan kelib chiqishini ma’lum qildi.

Imtiyozli chiptani onlayn ham olish mumkin

Yo‘lovchilar chegirmali temir yo‘l chiptalarini E-ticket.railway.uz platformasi orqali onlayn xarid qilishi mumkin.

Buning uchun yo‘nalish va safar sanasini tanlash, tizimga telefon raqami, elektron pochta yoki OneID orqali kirish, vagon va o‘rinni belgilash hamda pasport ma’lumotlarini kiritish talab etiladi.

Nafaqadagi fuqarolar uchun alohida belgi mavjud

Yoshi katta fuqarolar chegirmali yo‘nalishlarda chipta olayotganda «Men nafaqadaman» tugmasini belgilashi va shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishi kerak.

Shundan so‘ng tizim imtiyozli tarif bo‘yicha chipta rasmiylashtirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaota – Toshkent poyezdida «Ayollar vagoni» ishga tushirilishi haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek