Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar nafaqa to‘lanadi

O‘zbekistonda ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lash tizimi joriy etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xarajatlarini kamaytirish va barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan yangi mexanizmlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ijtimoiy paket uchun 300 mlrd so‘m ajratilgan
Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga «passiv daromad» keltiradigan ijtimoiy paketni moliyalashtirish uchun joriy yilda 300 mlrd so‘m ajratilgan.
Ushbu yordamdan foydalangan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan mas’ullarga bir hafta muddatda mazkur tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Bog‘cha, o‘quv markazi va yotoqxona xarajatlari vaucher orqali qoplanadi
Kelasi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining ayrim xarajatlarini vaucher orqali qoplash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
– Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Vaucher 12 oy davomida amal qiladi
Yangi tartibga ko‘ra, vaucher 12 oy muddatga beriladi. Ehtiyojmand oila keyinchalik Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgan taqdirda ham, berilgan vaucher o‘z amal qilish muddatini saqlab qoladi.
Avvalroq «Kursiv» hokimlarga 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish vazifasi qo‘yilgani yozgan edi.