Ispaniyada Seuta inqirozi sabab o‘n minglab odamlar namoyishga chiqdi

Ispaniyaning turli hududlarida Seuta eksklavidagi migratsiya inqirozi va hukumatning vaziyatga munosabati sabab o‘n minglab odamlar namoyishga chiqdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Aksiyalar Madrid bilan birga Barselona, Valensiya, Sevilya va yana 200 dan ortiq shahar hamda aholi punktlarida o‘tkazildi.
Namoyishlar Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi eksklavi Seutaning rasmiy bayrami bilan bir kunga to‘g‘ri keldi. Odatda tantanalar bilan o‘tadigan bu sana bu yil migratsiya inqirozi fonida nishonlandi.
Madridda 50 mingga yaqin odam qatnashdi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Madridda o‘tkazilgan namoyishda qariyb 50 ming kishi qatnashgan.
Ispaniyaning hududiy siyosat vaziri Anxel Viktor Torres namoyishlar siyosiy maqsadda tashkil etilganini aytdi. Uning fikricha, aksiyalar Seuta aholisi bilan birdamlik ko‘rsatishdan ko‘ra, markaziy hukumatni tanqid qilishga qaratilgan.
Hukumat esa Seutani e’tiborsiz qoldirayotgani haqidagi da’volarni rad etdi. Shu hafta shahardagi ijtimoiy xizmatlar, migrantlarni joylashtirish va xavfsizlik infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash uchun 309 mln yevro ajratildi.
Madridda namoyishdan keyin politsiya aralashdi
Madridda asosiy namoyish yakunlangach, ayrim joylarda vaziyat keskinlashdi. Associated Press jurnalisti portlash va o‘q ovozlariga o‘xshash tovushlarni eshitganini ma’lum qilgan.
El Pais nashriga ko‘ra, politsiya olomonni tarqatish uchun rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan.
Barselona, Valensiya va Sevilyada ham ko‘plab odamlar Ispaniya bayroqlari bilan ko‘chaga chiqqan. Namoyishlar rasmiy ravishda siyosiy partiyalarga aloqasi yo‘q Ispaniya munitsipalitetlar va provinsiyalar federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.
Avvalroq «Kursiv» Ispaniya hududiga bir kunda minglab migrantlar kirgani haqida yozgan edi.