
Xitoyning Li Auto kompaniyasi tomonidan ikkinchi avlod Li Auto Mega elektromobili rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Mega Home nomi bilan taqdim etilgan model Xitoyda 509,8 ming yuan, ya’ni qariyb $75 mingga baholangan. Avtomobil tashqi dizayn, salon qulayligi, haydovchiga yordam beruvchi tizimlar va shassi bo‘yicha sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ldi.
Yangi Mega yetkazib berilishi shu haftada boshlanadi. Li Auto yil oxirigacha modelning o‘ng ruldagi versiyasini Gonkong, Makao va Tailand kabi bozorlarga ham olib chiqishni rejalashtirmoqda.
Tashqi ko‘rinishi yangilandi
Mega Home’ning old qismi qayta ishlangan. Unda yangi dekorativ elementlar, UWB yuqori aniqlikdagi yaqin masofali radarlar hamda ADB texnologiyasiga ega faralar o‘rnatilgan. Avtomobil uch rangli «Star Ring» intellektual yoritish tizimi bilan ham jihozlangan.

Xaridorlarga kuzovning besh xil rangi taklif etiladi. Shuningdek, yangi 18 dyuymli disklar, yarim yashirin eshik tutqichlari va elektr yordamida yopiladigan eshiklar paydo bo‘lgan. Avtomobil haydovchi va yo‘lovchilarni kutib olish uchun 2,6 metrli yoritilgan zona yaratishi ham mumkin.
Mega’ning uzunligi 5 355 mm, kengligi 1 965 mm va balandligi 1 850 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3 300 mmga teng. Orqa qism ham qayta ishlanib, yukxona eshigi hajmli dizayn va pastroq joylashtirilgan chiroqlarga ega bo‘lgan.
Salonda 29 dyuymli 6K ekran o‘rnatilgan

Yangi Mega saloni ikki xil rang kombinatsiyasida taklif etiladi. Old panelning asosiy elementi 29 dyuymli OLED 6K panoramali ekran bo‘lib, tizim ikkita Mahe M100 chipi yordamida ishlaydi. Ularning umumiy hisoblash quvvati 2 560 TOPSni tashkil etadi.
Avtomobilda to‘rtta «nol gravitatsiya» o‘rindig‘i mavjud. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar yo‘lovchilar bir-biriga qarab o‘tirishi uchun aylantirilishi mumkin. Salon 31 ta isitish zonasi va 18 nuqtali issiq toshli massaj tizimi bilan jihozlangan. Uchinchi qatordagi o‘rindiqlarda ham isitish va shamollatish funksiyalari mavjud.
Bundan tashqari, Mega Home 21 dyuymli OLED 4K ko‘chma ekran, 10 litrli sovitish va isitish imkoniyatiga ega muzlatkich, 33 karnayli audiotizim hamda turli shaklga keltiriladigan stol bilan ta’minlangan.
554 ot kuchiga ega
Li Auto Mega ikki elektromotorli to‘liq uzatma tizimidan foydalanadi. Oldingi elektromotor 155 kVt yoki 208 ot kuchi, orqa motor esa 258 kVt yoki 346 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Tizimning umumiy maksimal quvvati 413 kVt, ya’ni 554 ot kuchiga yetadi. Elektromobil 108 kVt·soat sig‘imli CATL uch komponentli litiy batareyasi bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil bir quvvatlashda 710 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
Orqa g‘ildiraklar ham buriladi
Yangi Mega’ning shassisi ham takomillashtirilgan. Model ikki kamerali pnevmatik osma, ikki klapanli CDC amortizatorlari hamda 800 voltli faol stabilizatsiya tizimiga ega.
Avtomobilning orqa g‘ildiraklari 7 darajagacha burilishi mumkin. Shu tufayli yirik minivenning burilish radiusi 5,5 metrgacha qisqartirilgan.
Bundan tashqari, «Elephant Welcome» funksiyasi yordamida avtomobilning bir tomoni ikki soniyada 30 mm pastlaydi. Bu yo‘lovchilarning salonga kirishi va undan tushishini osonlashtiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangilangan Li Auto Mega 2-sentabrda taqdim etilgani haqida yozgan edi.