Meta eng kuchli AI modeli Muse Spark 1.3’ni taqdim etdi

eʼlon qilindi
Yangi model 2-sentabrdan dasturchilar uchun pullik asosda ochilgan
Meta eng kuchli AI modeli Muse Spark 1.3’ni taqdim etdi
Foto: shutterstock

Meta kompaniyasi o‘zining hozirgacha yaratilgan eng kuchli sun’iy intellekt modeli — Muse Spark 1.3’ni ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Yangi model 2-sentabrdan dasturchilar uchun pullik asosda ochildi, yaqin vaqt ichida esa Instagram, Facebook va Meta AI chatbotiga integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Kompaniya yangi model dasturlash, murakkab topshiriqlarni bajarish va foydalanuvchi nomidan mustaqil harakat qilish kabi vazifalarda avvalgi Meta modellari bilan solishtirganda sezilarli yaxshilanganini ta’kidlamoqda.

Meta yangi modelni eng katta sakrash deb atadi

Meta’ning sun’iy intellekt bo‘yicha direktori Aleksandr Vang Bloomberg’ga bergan intervyusida Muse Spark 1.3 kompaniya modellari unumdorligidagi hozirgacha eng katta o‘sish ekanini aytdi.

Foto: Meta

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi model dasturiy kod yozish hamda agent vazifalarini bajarishda oldingi Meta ishlanmalaridan ancha kuchli. Agent vazifalari deganda sun’iy intellektning foydalanuvchi topshirig‘i asosida bir nechta harakatni mustaqil ravishda rejalashtirib va bajarib borishi tushuniladi.

Model foydalanuvchining topshirig‘i noaniq bo‘lsa, qo‘shimcha savollar berishi mumkin. Vazifani davom ettirish uchun yordam zarur bo‘lib qolsa, bu haqda foydalanuvchiga murojaat qiladi. Muhim oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarorlar oldidan esa tasdiq so‘raydi.

Uzoq davom etadigan vazifalarda model foydalanuvchining xohishiga qarab ishlashi mumkin: jarayon haqida muntazam xabar berishi yoki topshiriqni fonda bajarishda davom etishi ko‘zda tutilgan.

Meta uni Anthropic va OpenAI modellari bilan taqqosladi

Aleksandr Vang Muse Spark 1.3’ni Anthropic kompaniyasining Claude Fable 5.1 modeli bilan raqobatbardosh deb baholadi.

Shuningdek, u Meta’ning yangi modeli OpenAI’ning GPT-5.6 Sol modelidan kuchliroq ekanini da’vo qildi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, OpenAI yaqin kelajakda Astra nomli yanada ilg‘or modelni taqdim etishi kutilmoqda.

Vang, shuningdek, Muse Spark 1.3 hozirda mavjud Xitoy AI modellaridan ham ustun ekanini aytdi. Biroq bu baholar Meta rahbarining o‘z fikri bo‘lib, maqolada mustaqil test natijalari keltirilmagan.

Avvalroq «Kursiv» Meta Platforms sud da’volari uchun $18 mlrd to‘lashi haqida yozgan edi.

Shuningdek