Milliy ma’lumotlar platformasi, SI: O‘zbekistonda statistika tizimi yangilanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 mln 47 ming nafarni tashkil qildi. Ro‘yxatga olish jarayonida amaldagi hisoblarda aks etmagan 810,6 ming nafar fuqaroning yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Ayrim hududlarda aholi soni qayta hisoblandi
Ro‘yxatga olish natijalari amaldagi statistik ma’lumotlar bilan solishtirilganda ayrim hududlardagi ko‘rsatkichlar farq qilishi aniqlandi.

Jizzax viloyatida aholi soni avvalgi hisob-kitoblarga nisbatan 2,7 foiz, Namangan viloyatida 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam bo‘lib chiqdi. Buxoro viloyatida ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan, boshqa hududlarda esa aholi soni oshgani qayd etilgan.
Eng katta tafovutlardan biri Toshkent tumanida kuzatildi. Bu yerda aholi soni avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi. Andijon shahrida esa aksincha, aholi soni oldingi ma’lumotlardan 15,8 foiz kam chiqdi.
Qariyb 1 mln gektar yer hisobga olindi
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish davomida ilgari statistik hisoblarda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegaralari va toifalari aniqlashtirildi.
Ularning 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar hamda 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.
Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga ro‘yxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmagan. Bu MDH mamlakatlaridagi tegishli ko‘rsatkichlardan 15 barobar kam ekani qayd etildi.

Internet orqali ro‘yxatdan o‘tganlar ulushi 82,3 foizni tashkil etdi. Barcha jarayonlar 15 kun ichida yakunlangan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan.
2017 – 2025-yillardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar qayta baholanadi
Ro‘yxatga olish yakunlari asosida aholi va qishloq xo‘jaligiga oid muntazam yangilanib boradigan statistik registrlar shakllantiriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga tegishli 100 ta, qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga oid yana 50 ta statistik ko‘rsatkich yangilanadi.
Shuningdek, 2017 – 2025-yillar bo‘yicha milliy hisoblar ko‘rsatkichlarini qayta baholash rejalashtirilgan.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot 246 trln so‘mga yetgan
Taqdimotda iqtisodiy faoliyatning rasmiy statistika bilan to‘liq qamrab olinmayotgan qismiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Hozirda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foiz yoki 246 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida esa umumiy aylanmaning qariyb 60 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 mln aholining 6,5 mln nafari yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda faoliyat yuritmayotgani yoki ishini to‘xtatgani aniqlangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy aylanmadagi har 4-5 so‘mning taxminan 1 so‘mi statistika doirasidan tashqarida qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum olib kelishi va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini berishi mumkin.

Biznesni ro‘yxatga olish 15-oktabrda boshlanadi
Taqdimotda 2026-yil 15-oktabrdan 30-noyabrgacha mamlakat bo‘ylab biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullandi.
Uning doirasida faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkaziladi. Korxonalarning amaldagi holati, tarkibi hamda iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimoti aniqlashtiriladi.
Korxona va tashkilotlar haqidagi statistik registrlar ham yangilanib, kelgusidagi tanlanma kuzatuvlar uchun yangi ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Milliy ma’lumotlar platformasi yaratiladi
Milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish doirasida tadbirkorlarning hisobot topshirish yukini 20 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ma’muriy va muqobil ma’lumot manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ma’lumotlarga ishlov berish vaqtini 20 foizga va xarajatlarni 25 foizga qisqartirish maqsad qilingan.
Ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini yaratish uchun vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.
Komissiya 2026-yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazishi kerak. 2027-yil 1-maygacha esa ularni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.
2027-yil 1-iyulgacha Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. U davlat ma’lumotlarini yagona tizimga birlashtirish, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Statistikada sun’iy intellekt qo‘llanadi
2027-yil 1-iyulgacha statistik ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilish rejalashtirilmoqda.
Statistik ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirish va chuqur tahlil qilish imkonini beradigan sun’iy intellekt agentlari ham joriy qilinadi.
2027-yil oxirigacha aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlarni geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, OAV vakillari, tadqiqotchilar va talabalar uchun ma’lumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sun’iy intellekt, ma’lumotlar jurnalistikasi hamda vizualizatsiya yo‘nalishlarida o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
«Statistikani rivojlantirish – 2030» strategiyasi ishlab chiqiladi
Taqdimotda «Statistikani rivojlantirish – 2030» milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Unda statistika tizimini muvofiqlashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, raqamli transformatsiyani tezlashtirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan keng foydalanish hamda ochiq statistikani rivojlantirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini shakllantirish hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston limon eksporti hajmini 2,2 barobarga oshirgani haqida yozgan edi.