Mirziyoyev tuman shtablariga kreditlarni mustaqil boshqarish vakolatini berdi

3-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini band qilish va kredit resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
«Garovi bormi?» degan yondashuv tanqid qilindi
Yig‘ilishda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqidiy baholandi. Qayd etilishicha, ularning ayrimlari loyiha samaradorligini o‘rganish o‘rniga avvalo «Garovi bormi?» degan savolni qo‘ymoqda.
Shuningdek, tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, kreditlarni qaytarish grafiklari esa biznes yo‘nalishlarining xususiyatiga moslashtirilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab belgilash zarurligi ta’kidlandi.
Kreditlarni tuman shtablari boshqaradi
Shu munosabat bilan oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi belgilandi.
Endilikda tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, qaytarish muddatini uzaytirish hamda to‘lov grafiklarini biznes turiga moslashtirish masalalarini mustaqil hal qiladi.
Inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi.
Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun 1,8 trln so‘mdan ortiq mablag‘
Hozirda oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 milliard so‘m miqdorida resurs mavjud.
Tuman shtablariga mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib, ushbu mablag‘larni moliyalashtirish masalalarini mustaqil hal etish imkoniyati beriladi.
5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit
Yangi tartibga ko‘ra, lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida xabar berilgandi.