«O‘zbekfilm»ning milliardlik soliq qarzi yopildi

«O‘zbekfilm» kinostudiyasining 1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi to‘liq qoplandi. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Shu bilan birga, qarzdorlik sabab auksionga chiqarilishi kutilayotgan 12 ta avtomobil ham yana kinostudiya balansiga qaytarilgan.
Xodimlarga 3 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik bor
Uning so‘zlariga ko‘ra, kinostudiya oldida hal etilishi lozim bo‘lgan moliyaviy majburiyatlar hali ham mavjud. Xususan, xodimlarning 3 mlrd so‘mdan ortiq yig‘ilib qolgan ish haqi qarzdorligini qoplash navbatdagi asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Jahongir Ahmedovning ta’kidlashicha, kinostudiya xodimlari oldidagi ish haqi bo‘yicha qarzdorlik ham to‘liq bartaraf etilishi rejalashtirilmoqda.
Biroq «O‘zbekfilm» oldidagi eng katta moliyaviy masala – 22 mln yevrolik kredit majburiyati bo‘lib qolmoqda.
10 gektar yer garovdan ozod qilinishi mumkin
Hozirda kinostudiyaning 10 gektarlik yer maydonini garovdan chiqarish hamda yirik kredit majburiyatini hal etish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Ahmedov «O‘zbekfilm» moliyaviy inqiroz bilan bog‘liq muammolar markazida emas, balki milliy kino rivojining ramziga aylanishi kerakligini ta’kidlagan.
Avvalroq Ahmedov kinostudiya 22,9 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyati ostida qolgani, bundan tashqari, korxonaning davlat soliqlari bo‘yicha 1 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjudligi haqida post qoldirgandi.