O‘zbekiston va Tailand viza to‘lovini soddalashtirishni muhokama qilmoqda — TIV

O‘zbekiston fuqarolarining Tailandga borishi uchun viza to‘lovini amalga oshirishning qulayroq mexanizmini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Hozircha O‘zbekiston fuqarolariga viza to‘lovini amalga oshirish uchun Tailandning Moskvadagi elchixonasiga borish tavsiya etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonullo Fayziyev Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Viza to‘lovi uchun Moskvaga borish talab qilinishi mumkin
Avvalroq O‘zbekistonning Tailanddagi bosh konsulxonasi 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga vizasiz kirish tartibi bekor qilinishini ma’lum qilgandi.
Yangi tartibga ko‘ra, Tailandga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar elektron viza uchun onlayn ariza topshirishi kerak. Biroq viza to‘lovini amalga oshirish uchun hozircha Tailandning Moskvadagi elchixonasiga tashrif buyurish talab etiladi.
O‘zbekiston tomoni aynan shu jarayonni mamlakat fuqarolari uchun qulaylashtirish bo‘yicha Tailand bilan muzokara olib bormoqda.
Tailandga vizasiz kirish 14-sentabrgacha
O‘zbekiston fuqarolari Tailandga 14-sentyabr kuni ham vizasiz kirishi mumkin. 15-sentyabrdan esa vizasiz rejim bekor qilinadi.
Shuningdek, ushbu sanadan keyin aeroportga yetib borgach, viza olish imkoniyati ham bo‘lmaydi. Kirish uchun ruxsatnoma oldindan rasmiylashtirilishi lozim.
Tailandga borgan o‘zbekistonliklar soni oshgan
2026-yilning dastlabki yetti oyida Tailandga 43,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi tashrif buyurgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 32,7 ming nafarni tashkil etgan.
Turistlar oqimining eng yuqori ko‘rsatkichi yanvar oyida qayd etilgan — o‘sha oyda Tailandga 13,7 mingdan ortiq o‘zbekistonlik borgan.
Fevral oyida 8 mingdan ortiq, martda 5,6 ming, mayda 5 ming, iyunda 4,1 ming va iyulda 3,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Tailandga tashrif buyurgan.
Avvalroq O‘zbekistonda xalqaro tan olingan vizalarga ega ayrim xorijiy fuqarolar mamlakatga 30 kungacha vizasiz kira olishi haqida xabar berilgandi.