O‘zbekistondan 240 ming dollarni oyoqlariga yashirib olib chiqmoqchi bo‘lgan ikki kishi ushlandi

Toshkent viloyatidagi Navoiy chegara-bojxona postida katta miqdordagi naqd xorijiy valyutani noqonuniy olib chiqib ketishga uringan ikki fuqaro to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Valyutani oyoqlariga skotch bilan yashirishgan
Bojxona va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida qo‘shni davlatga piyoda chiqib ketayotgan ikki fuqaroning harakatlari shubhali deb topilgan.
Ular xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, oyoqlariga skotch bilan o‘rab yashirilgan naqd pullar aniqlangan.
$240 ming deklaratsiyasiz olib chiqilayotgan bo‘lgan
Tekshiruv davomida jami $240 ming miqdoridagi naqd xorijiy valyuta topilgan.
Mazkur mablag‘lar bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, shuningdek, og‘zaki so‘rov vaqtida ham ma’lum qilinmagan.
Holat bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda
Aniqlangan holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hozircha ushbu mablag‘larning kelib chiqishi va ularni noqonuniy olib chiqishga urinish holati bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Najimov» chegara posti yo‘lovchilar uchun qachon ochilishi haqida yozgandi.