Qoraqalpog‘istonda tadbirkorga solingan 1 mlrd so‘mlik jarima bekor qilindi

Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi K.T. korxonasi unga nisbatan qo‘llangan 1 mlrd so‘mlik moliyaviy jarimadan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona 12 – 15-may kunlari fuqaro J.R. bilan tuzilgan shartnoma asosida 1 032,66 tonna sholini sotgan. Mahsulot realizatsiya qilingan paytda esa elektron hisobvaraq-faktura (EHF) rasmiylashtirilmagan.
EHF texnik nosozlik sabab kechiktirilgan
Amaldagi tartibga ko‘ra, elektron hisobvaraq-faktura tizimida texnik nosozlik yuzaga kelgan taqdirda hujjat vaqtincha qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Bunday nosozlik EHF tizimi operatori tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak.
Tizimdagi muammo bartaraf etilgach, qog‘oz shaklida rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura besh kun ichida undagi sana ko‘rsatilgan holda elektron tizimga kiritilishi lozim.
Korxona ushbu talabga amal qilib, 26-may kuni EHFni elektron tizimga kiritgan va xaridorga taqdim etgan.
1 mlrd so‘mlik jarima bekor qilindi
Shunga qaramay, nazorat qiluvchi organ 12-iyun kuni Soliq kodeksining 223-moddasi birinchi qismiga asosan korxonaga 1 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror chiqargan.
Tadbirkorning e’tirozlari va Biznes-ombudsmanga kiritilgan shikoyat o‘rganib chiqilgach, korxonaga nisbatan qo‘llangan 1 mlrd so‘mlik moliyaviy jarima bekor qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshidagi «zapravka»da sifatsiz Ai-92 benzini aniqlangani haqida yozgandi.