Shavkat Mirziyoyev AQSh senatori bilan nimalarni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti 3-sentabr kuni AQSh Senatidagi Markaziy Osiyo bo‘yicha kokus hamraisi Stiv Deyns bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar savdo, investitsiya va qator strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Senator O‘zbekistonni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi
Uchrashuv boshida Stiv Deyns Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan muborakbod etdi. U O‘zbekistonga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.
Savdo va investitsiya loyihalariga e’tibor qaratildi
Muloqotda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat munosabatlari sezilarli darajada faollashganini qayd etdi. Siyosiy muloqot, rasmiy tashriflar va delegatsiyalar almashinuvi izchil davom etayotgani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.
Montana bilan aloqalarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda
Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, senator vakili bo‘lgan Montana shtati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi «C5+1» formatidagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev tuman shtablariga kreditlarni mustaqil boshqarish vakolatini bergani haqida yozgandi.