TCL 7 kun quvvat saqlaydigan OLED-smartfonini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Ekran bir bosishda «elektron kitob»ga aylanadi
Foto: TCL/ithome

TCL yangi P80 smartfonlar turkumini taqdim etdi. Seriyaning yuqori modeli — P80 Ultra kompaniyaning NXTPAPER texnologiyasi OLED panel bilan birgalikda qo‘llangan ilk smartfoni hisoblanadi.

Qurilma 6,83 dyuymli, 1,5K aniqlikdagi OLED displeyga ega. Ekranning yangilanish chastotasi 120 Gts, maksimal yorqinligi esa 3200 nitni tashkil etadi. DCI-P3 ranglar makoni to‘liq qamrab olingan.

Max Ink deb nomlangan maxsus rejim alohida tugma orqali faollashtiriladi. U yoqilganda displey oq-qora ko‘rinishga o‘tadi, ortiqcha bildirishnomalar va chalg‘ituvchi ilovalar cheklanadi. Natijada smartfondan elektron kitob o‘qishga o‘xshash tarzda foydalanish mumkin.

Bir quvvat bilan 7 kungacha ishlaydi

P80 Ultra 5800 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. TCL ma’lumotiga ko‘ra, Max Ink rejimida smartfon 7 kungacha uzluksiz ishlashi, kutish holatida esa 26 kungacha quvvatini saqlashi mumkin.

Smartfon MediaTek Dimensity 7400 Elite protsessori, 8 GB tezkor xotira va 512 GB gacha ichki xotira bilan ta’minlangan. Qurilma 45 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

50 MP kameralar va uch karra optik zum

P80 Ultra’ning asosiy kamera tizimiga 50 MP asosiy kamera, 8 MP modul hamda 50 MP telefoto kamera kiradi. Telefoto modul 3 karra optik zum imkoniyatini beradi.

Foto: TCL/ithome

Qurilma Android 16 operatsion tizimida ishlaydi. TCL P80 Ultra va P80 Pro uchun to‘rtta yirik Android yangilanishi hamda yetti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda.

P80 Pro va P80 ham taqdim etildi

TCL yangi turkumda yana ikkita modelni chiqardi. P80 Pro OLED displey va asosiy funksiyalarning katta qismini saqlab qolgan, biroq telefoto kameraga ega emas.

Oddiy P80 esa NXTPAPER texnologiyasini qo‘llab-quvvatlamaydi va 5000 mA·soat akkumulyator bilan jihozlangan. Har uchala model ham Android 16 asosida ishlaydi.

Yevropada yangi smartfonlarning sotuvi boshlangan. Narxlar P80 Ultra uchun 549 yevro, P80 Pro uchun 429 yevro va P80 uchun 349 yevrodan boshlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi 17 5G global versiyasi haqida nimalar ma’lumligini yozgandi.

Shuningdek