Tramp Hormuzni «Tramp bo‘g‘ozi» deb atashni taklif qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron va AQSh o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik davom etayotgan bir paytda Hormuz bo‘g‘ozining nomini «Tramp bo‘g‘ozi»ga o‘zgartirishni taklif qildi. U bu haqda 2-sentabr kuni Truth Social tarmog‘ida yozdi.
Trampning ta’kidlashicha, AQSh hozirda strategik suv yo‘lini nazorat qilmoqda. Shundan kelib chiqib, u bo‘g‘ozga o‘z nomini berish mumkinligini kinoyali tarzda ilgari surgan.
«Endi Hormuz bo‘g‘ozi AQSh nazoratida ekan, uni «Tramp bo‘g‘ozi» deb qayta nomlamasligimiz kerakmi? Amerika kabi u ham har qachongidan yaxshiroq bo‘ladi», – deb yozdi AQSh prezidenti.
Tramp Hormuz ustidan AQSh nazorati o‘rnatilganini aytdi
Trampning nom o‘zgartirish haqidagi taklifi uning AQSh kuchlari Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotidan keyin yangradi.
AQSh prezidenti harbiy operatsiyalar natijasida Eronning bo‘g‘ozdagi imkoniyatlari keskin zaiflashganini ta’kidlamoqda. Trampga ko‘ra, AQSh kuchlari so‘nggi harbiy amaliyotlarda Eronning kemalari va boshqa harbiy obyektlariga zarbalar bergan.

Biroq bu bayonot bo‘g‘ozning xalqaro huquqiy maqomi yoki uning nomi o‘zgarganini anglatmaydi. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, Tramp taklif qilgan yangi nomni amalda qanday joriy etish mumkinligi ham hozircha aniq emas.
Hormuz bo‘g‘ozi Eron va O‘mon oralig‘ida joylashgan bo‘lib, Fors ko‘rfazini Ummon qo‘ltig‘i va Arab dengizi bilan bog‘laydi. Shu sababli u jahon energetika bozoridagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Nega Hormuz bo‘g‘ozi muhim
Hormuz orqali Fors ko‘rfazidagi yirik neft va gaz eksport qiluvchi davlatlarning xomashyosi jahon bozorlariga olib chiqiladi.
AQSh – Eron urushi boshlanishidan oldin dunyo neft savdosining taxminan beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tgan. Urush boshlanganidan keyin esa tankerlar harakati keskin kamaygan.

2-sentabr kuni neft narxlari ham geosiyosiy vaziyat fonida oshdi. Brent markali neft bir barrel uchun 96 dollar, WTI esa 92 dollar atrofida savdoni yakunladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bunga AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik hamda Hormuz orqali neft yetkazib berishdagi xavflar sabab bo‘lgan.
3-sentabr kuni esa narxlar biroz pasaydi: Brent 95,04 dollar, WTI 91,63 dollargacha tushdi. Biroq bozor Hormuzdagi vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
Tramp avval ham geografik nomlarni o‘zgartirishga uringan
Hormuz bo‘g‘ozini o‘z nomi bilan atash haqidagi g‘ayritabiiy taklif Trampning geografik obyektlar nomini o‘zgartirish bo‘yicha birinchi tashabbusi emas. U davlat tepasiga kelganidan beri orollar, bo‘g‘ozlar va hatto ba‘zi davlat nomlarini ham o‘zgartirmoqchi bo‘ldi, ammo bu nomlarni 80 yoshdan oshgan Tramp va Amerikadan boshqa hech qaysi davlat yaxlitligicha tan olgani yo‘q.
Masalan, 27-avgust kuni u Ontario ko‘lini «Amerika ko‘li» (Lake America) deb qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Hujjat AQSh Ichki ishlar vazirligiga Geografik nomlar axborot tizimidagi (GNIS) ma’lumotlarni yangilash va federal hukumat hujjatlarida yangi nomdan foydalanishni topshirgan.

Biroq AQSh prezidentining qarori Kanada tomonidan tan olinmagan. Ontario ko‘lining bir qismi Kanada hududida joylashganligi sababli, Kanada hukumati uning tarixiy nomini saqlab qolgan.
Google Maps esa AQShdagi foydalanuvchilar uchun ko‘l nomini «Lake America»ga o‘zgartirdi. Apple Maps ham 1-sentabrdan AQSh foydalanuvchilariga yangi nomni ko‘rsata boshladi.
Shu sababli Hormuz bo‘g‘oziga «Tramp bo‘g‘ozi» nomini berish taklifi hozircha Trampning siyosiy bayonoti bo‘lib qolmoqda. Uning xalqaro miqyosda rasman qabul qilinishi yoki boshqa davlatlar tomonidan tan olinishi haqida hozircha gap yo‘q.
Avvalroq ham Tramp Eron hududidagi vaziyatni Vashington to‘liq nazorat qilayotganini ma’lum qilgandi.