AQSh «Tolibon»ning taklifini rad etdi

eʼlon qilindi
Vashington Tolibon bilan bu masalada hamkorlik qilishni rejalashtirmayapti
Foto: Aljazeera

AQSh Afg‘onistondagi foydali qazilmalar sohasiga sarmoya kiritish bo‘yicha «Tolibon» hukumati bildirgan taklifni rad etdi. Vashington «Tolibon» bilan bu masalada hamkorlik qilishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. 

«Tolibon» AQSh sarmoyasini taklif qilgandi

Harakatning tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy avvalroq AQSh kompaniyalarini Afg‘onistonning konchilik, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalariga sarmoya kiritishga chaqirgandi.

U «Financial Times»ga bergan intervyusida «Tolibon» va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarga so‘nggi 20 yillik urush nuqtayi nazaridan emas, balki kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlaridan kelib chiqib baho berish kerakligini aytgan. Biroq AQSh Davlat departamenti bu taklifni rad etdi.

«Tolibon» bilan hamkorlik qilish rejamiz yo‘q»

AQSh Davlat departamenti vakili Vashington «Tolibon» bilan Afg‘onistondagi muhim mineral resurslarni o‘zlashtirish masalasida hamkorlik qilish bo‘yicha hech qanday reja yo‘qligini bildirgan.

Departament «Tolibon»ni AQSh tomonidan maxsus belgilangan terrorchilik tashkiloti sifatida ta’riflagan.

AQSh tomoni «Tolibon» nazoratidagi Afg‘oniston konlariga investitsiya kiritish natijasida mablag‘lar guruh qo‘liga tushib, mamlakat aholisi ustidan bosimni kuchaytirishi mumkinligini ham ta’kidlagan.

Afg‘onistonda kamida $1 trlnlik mineral resurs bor

Avvalgi geologik tadqiqotlarga ko‘ra, Afg‘oniston hududida qiymati kamida 1 trln dollarga baholanadigan foydali qazilmalar zaxirasi mavjud.

Ular orasida zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarishda muhim hisoblangan litiy, kobalt va niobiy kabi kritik minerallar ham bor.

Shu bilan birga, «Tolibon» rasmiylari AQSh bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash istagini bir necha bor bildirgan.

Biroq Vashington hozircha «Tolibon» hukumatini Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmaydi.

Avvalroq Afg‘onistonning «Tolibon» harakati AQShni mamlakatga diplomatlarini qaytarish va investitsiyalarni tiklashga chaqirgandi. 

Shuningdek