Banklar o‘z kartalari o‘rtasidagi to‘lovlarni mustaqil qayta ishlashi mumkin bo‘ladi

eʼlon qilindi
Buning uchun banklar tizim ishga tushishidan kamida 30 kun oldin Markaziy bankni xabardor qilishi kerak
Bank kartasi
Foto: Samsonovs/Depositphotos.com

O‘zbekiston banklariga bir bankning o‘z kartalari o‘rtasidagi to‘lovlarni uchinchi tomon infratuzilmasisiz amalga oshirish imkoniyati berildi. Tegishli hujjat Adliya vazirligida 27-avgust kuni ro‘yxatdan o‘tkazilib, Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Buning uchun banklar tizim ishga tushishidan kamida 30 kun oldin Markaziy bankni xabardor qilishi kerak.

In-house modeli joriy etildi

Markaziy bank bank ichidagi hisob-kitoblarni in-house modeli asosida qayta ishlash tartibini tasdiqladi.

Yangi model bankka o‘z kartalari o‘rtasidagi operatsiyalarni boshqa tashkilot xizmatlaridan foydalanmasdan, o‘zining axborot va to‘lov infratuzilmasida amalga oshirish imkonini beradi. Bunda to‘lovni avtorizatsiya qilish, qayta ishlash va mablag‘larni o‘tkazish jarayonlari bankning o‘z tizimida bajariladi.

Banklar uchun yangi talablar

In-house modelini joriy etish banklar uchun majburiy emas. Tizimdan foydalanishga qaror qilgan banklar to‘lov tizimlari va xizmatlari uchun belgilangan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilishi lozim.

Bank tizimni ishga tushirishdan kamida 30 kun oldin Markaziy bankka yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuboradi. Unda tizim ishga tushadigan sana, ichki infratuzilmada qayta ishlanadigan operatsiyalar turlari, foydalaniladigan axborot tizimlari hamda axborot xavfsizligi va uzluksiz ishlashni ta’minlash choralari ko‘rsatiladi.

Zaxira tizimi bo‘lishi shart

Bank to‘lov ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha ichki hujjatlarni ham tasdiqlashi kerak. Bundan tashqari, operatsion va texnologik xatarlarni aniqlash, baholash va kamaytirish tartibi ishlab chiqiladi.

Asosiy tizimdan mustaqil ishlaydigan zaxira aloqa kanali hamda to‘lovlarni qayta ishlash uchun muqobil axborot tizimi mavjud bo‘lishi talab etiladi. Ularning ishlash qobiliyati kamida yiliga bir marta sinovdan o‘tkazilishi kerak.

Faqat bir bank kartalari o‘rtasida

In-house modeli orqali faqat bitta bank tomonidan chiqarilgan kartalar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Operatsiyalar real vaqt rejimida yoki kliring sessiyasi yakunlangach bajarilishi mumkin.

To‘lovlar haqidagi ma’lumotlar kamida besh yil davomida saqlanishi lozim. Agar tizimda texnik nosozlik, operatsion hodisa yoki kiberxavfsizlik bilan bog‘liq incident yuzaga kelsa, bank bu haqda Markaziy bankni zudlik bilan xabardor qilishi va oqibatlarni bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berishi kerak.

Yangi tartib rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib, ya’ni 27-noyabrdan kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank talabalarga 1,32 mln so‘mlik maxsus stipendiya ajratishi haqida yozgandi.

Shuningdek