«Beruniy» metrosida tirbandlik boshlandimi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Beruniy» bekatida yo‘lovchilar oqimi haddan tashqari ko‘paygani va tirbandlik yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. «Toshkent metropoliteni» AJ ushbu xabarlar haqiqatga mos emasligini ma’lum qildi.
Video 2024-yilda olingan
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, tarmoqlarda sizdirilgan video 2024-yilda tasvirga olingan. Mazkur holat yuzasidan o‘sha davrning o‘zida ham, 2025-yilda ham rasmiy munosabat bildirilgan.
Ayni vaqtda metropoliten poyezdlari belgilangan jadval asosida muntazam va barqaror harakatlanmoqda. Bekatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ham belgilangan tartibda tashkil etilgan.
Metropoliten ma’muriyati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va axborot tarqatuvchilardan tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri yoki eskirgan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Shuningdek, haqiqatga mos kelmaydigan va jamoatchilikni chalg‘ituvchi axborotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi eslatilgan.
Avvalroq Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida darslar soat 08:00 dan boshlanishi sababli, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda jamoat transportida yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida qator o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani haqida xabar berilgandi.