Bug‘doy narxi iyuldan beri qariyb 30 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Jahon don mahsulotlari narxlarini aks ettiruvchi indeks iyul oyida bir oy ichida 3,4 foizga oshgan
Bug‘doy narxlari iyuldan beri qariyb 30 foizga oshdi
Foto: Pexels

Jahon bozorida bug‘doy narxlari keskin oshib, 2023-yil boshidan beri kuzatilmagan darajaga yetdi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.

Narxlarning ko‘tarilishiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush fonida Qora dengiz mintaqasidagi eksport uzilishlari sabab bo‘lmoqda.

Qora dengizdagi hujumlar eksportga ta’sir qildi

Iyul oyidan beri Qora dengizdagi portlar, don terminallari va tijorat kemalariga uyushtirilgan hujumlar mintaqadan g‘alla eksportini izdan chiqardi.

S&P ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina birgalikda jahon bug‘doy eksportining qariyb 27 foizini ta’minlaydi. Shu sababli ushbu ikki mamlakatdagi logistika muammolari xalqaro bozorga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xalqaro don kengashi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya va Ukrainadan bug‘doy eksporti amalda deyarli to‘xtab qolgan.

Narxlar 2023-yil darajasiga qaytdi

Bug‘doy hozir 2023-yil boshida kuzatilgan narxlarga yaqin darajada savdo qilinmoqda. O‘sha paytda bozorlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan yuzaga kelgan keskin narx shokidan asta-sekin chiqayotgan edi.

Shunga qaramay, hozirgi narxlar 2022-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan hali ancha past.

Bozor ishtirokchilari Qora dengizdagi vaziyat yanada keskinlashsa, bug‘doy narxlari o‘sishda davom etishi mumkinligidan xavotirda.

Oziq-ovqat narxlariga bosim kuchayishi mumkin

Bug‘doy fyucherslarining qimmatlashishi global oziq-ovqat narxlariga ham ta’sir qilishi mumkin.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahon don mahsulotlari narxlarini aks ettiruvchi indeks iyul oyida bir oy ichida 3,4 foizga oshgan. Bunga nafaqat urush, balki yozda kuzatilgan ekstremal ob-havo sharoitlari ham sabab bo‘lmoqda.

Bug‘doy narxining oshishi un, non va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlari tannarxiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri non narxi olti yilda 80 foizga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek