
GM Chevrolet Tracker va Trailblazer avtomobillarida old paneldagi havo chiqarish teshiklaridan havo oqimi keskin kamayishi yoki butunlay to‘xtashi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
2026-yil avgustida e’lon qilingan PIC6660 raqamli servis byulleteniga ko‘ra, muammo Shimoliy Amerika bozorida sotilgan 2024–2026-yilgi ayrim Chevrolet Trax va Trailblazer avtomobillariga taalluqli.
Kompaniya ta’kidlashicha, mazkur hujjat avtomobillarni majburiy qaytarib olish kampaniyasi — recall hisoblanmaydi.
Muammo yarim soatdan ortiq harakatdan keyin paydo bo‘lishi mumkin

Ayrim avtomobil egalari konditsioner ishlayotgan paytda old paneldagi havo chiqarish teshiklaridan kelayotgan havo asta-sekin kamayishini bildirgan. Hatto ventilyator maksimal tezlikda ishlayotganida ham salonga juda kam havo kirishi yoki oqim butunlay to‘xtashi mumkin.
GM ma’lumotiga ko‘ra, bunday holat avtomobil konditsioneri uzluksiz ishlatilgan holda 30 daqiqadan ko‘proq vaqt harakatlangandan keyin yuzaga kelishi mumkin.
Servis byulleteni avtomobillarning barcha tegishli dvigatel va transmissiya kombinatsiyalarini, shuningdek, C60, C67, C68 va CJ2 RPO kodlariga ega iqlim nazorati tizimlarini qamrab oladi.
Konditsioner bug‘latgichi muzlab qolishi mumkin
General Motors hozircha muammoning ehtimoliy sababini konditsioner tizimidagi bug‘latgich — evaporatorning muzlab qolishi bilan bog‘lamoqda.
Avtomobil uzoq vaqt harakatlanganda evaporator yuzasida muz to‘planib borishi va u oxir-oqibat to‘liq muzlab qolishi mumkin. Natijada havo evaporator orqali erkin o‘ta olmaydi. Bu esa old paneldagi havo chiqarish teshiklaridan kelayotgan oqimning keskin kamayishiga yoki butunlay to‘xtashiga olib keladi.

Bunday vaziyatda konditsioner tizimi ishlayotgandek ko‘rinsa-da, salonga amalda yetarli miqdorda sovutilgan havo kirmaydi.
GM hozircha yakuniy yechimni ishlab chiqmagan
Chevrolet Trax yoki Trailblazer egasi yuqoridagi belgilar bilan servis markaziga murojaat qilsa, GM mutaxassislarga birinchi navbatda konditsioner tizimidagi sovutish agenti — refrigerant miqdorini tekshirishni tavsiya qilmoqda.
Agar refrigerant miqdori me’yordan kam bo‘lsa, servis xodimlari standart GM tartib-qoidalari asosida sizib chiqish manbasini aniqlashi va nosozlikni bartaraf etishi kerak.

Biroq tizimdagi refrigerant miqdori me’yorda bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi hozircha qo‘shimcha ta’mirlash ishlarini amalga oshirmaslikni tavsiya qilgan.
General Motors muhandislari muammoni o‘rganishda davom etmoqda. Nosozlikning aniq sababi aniqlanib, uni bartaraf etish usuli ishlab chiqilgach, servis byulleteni yangilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt egalarining hafsalasini pir qilgani haqida yozgan edi.