Glinka ko‘chasidagi avariya ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahridagi Glinka ko‘chasida yuz bergan hodisa bo‘yicha dastlabki sabab ma’lum qilindi. Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmog‘i kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, diametri 219 millimetr bo‘lgan yerosti gaz quvurining bir nechta joyida sizib chiqish aniqlangan.
Tekshiruv vaqtida gaz sizib chiqayotgan qismning umumiy maydoni taxminan 375 kvadrat santimetrni, ya’ni 15×25 santimetrni tashkil etgani qayd etilgan.
Hodisa sabablari o‘rganilmoqda
Ayni paytda mutaxassislar avariya qanday yuz bergani, muhandislik tarmoqlarining holati va boshqa tafsilotlarni o‘rganmoqda. Tekshiruv yakunlangach, yo‘l qoplamasini tiklash ishlari davom ettiriladi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, Glinka ko‘chasi yaqin vaqt ichida transport harakati uchun qayta ochilishi rejalashtirilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakunlariga ko‘ra, hodisaga aloqador shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi. Toshkent shahar hokimligi vaziyat doimiy nazoratda ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 3-sentabr kuni Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida yo‘l qoplamasining bir qismi o‘pirilib tushgandi. Hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohati olgan, ko‘chada transport harakati esa vaqtincha to‘xtatilgan.
Hududgaz Poytaxt o‘sha paytda hodisa sodir bo‘lgan hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmasligini, shuningdek, gaz sizib chiqishi holati ham qayd etilmaganini bildirgandi.