Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 6 mingdan oshdi

eʼlon qilindi
2 911 kishi vafot etgan
Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 6 mingdan oshdi
Foto: Dieudonne Dirole/AP

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi keskin kuchaymoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda tasdiqlangan holatlar soni 6 mingdan oshgan, 2 911 kishi vafot etgan. Epidemiya olti viloyatdagi qariyb 60 ta tibbiy hududga tarqalgan.

Kasallikning hozirgi to‘lqiniga Ebola virusining Bundibugyo shtammi sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar ayniqsa mamlakat sharqidagi vaziyatdan xavotirda, chunki davom etayotgan qurolli mojarolar va beqarorlik tibbiy guruhlarning zararlangan hududlarga yetib borishini qiyinlashtirmoqda.

Epidemiya juda tez tarqalmoqda

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish vaziyatni Ebola tarixidagi eng tez rivojlanayotgan epidemiyalardan biri sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, virusning tarqalish sur’ati uni jilovlash bo‘yicha olib borilayotgan choralar tezligidan yuqori, biroq epidemiyani to‘xtatish hali ham mumkin.

BMT vaziyatga qarshi kurash uchun xalqaro moliyaviy yordamni oshirishga chaqirdi. Guterrish xalqaro e’tibor, siyosiy faollik va ajratilayotgan resurslar joylardagi real vaziyatdan ortda qolayotganini ta’kidladi.

50 mingdan ortiq vaksina dozasi yetkazildi

Kongo hukumati epidemiya bilan kurash doirasida, avvalo, oldingi safda ishlayotgan tibbiyot xodimlarini emlashni boshladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Samuel Roje Kamba ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatga 50 mingdan ortiq vaksina dozasi yetkazilgan. Kampaniya Ituri viloyati va uning atrofidagi hududlarni bosqichma-bosqich qamrab olishi rejalashtirilmoqda.

Hozir qo‘llanayotgan vaksina dastlab Ebola virusining boshqa turiga qarshi ishlab chiqilgan. Shunga qaramay, mutasaddilar uning Bundibugyo shtammiga qarshi ham ma’lum darajada himoya berishiga umid qilmoqda. Ayni paytda aynan ushbu shtammga mo‘ljallangan litsenziyalangan vaksina yaratish bo‘yicha tadqiqotlar davom etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Ebolaga qarshi emlash boshlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek