Lexar 3,8 mm qalinlikdagi dunyodagi eng yupqa tashqi SSD’ni taqdim etdi

4-sentabr 2026 17:16 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Lexar 3,8 mm qalinlikdagi dunyodagi eng yupqa tashqi SSD’ni taqdim etdi
Foto: Lexar

Lexar kompaniyasi smartfon bilan birga olib yurishga mo‘ljallangan Muse nomli tashqi SSD’ni namoyish etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, u hozirgacha yaratilgan eng yupqa tashqi SSD bo‘lib, qalinligi atigi 3,8 millimetrni tashkil etadi.

O‘lchami smartfon aksessuari kabi

Lexar Muse’ning o‘lchamlari 80 × 48 × 3,8 millimetr. Qurilmaning chetlari qiya shaklda ishlangani sababli ayrim qismlarida uning qalinligi bundan ham kam.

Foto: Lexar

Ixcham korpus uni iPhone bilan birga olib yurish imkonini beradi. SSD uchun MagSafe’ga mos maxsus g‘ilof ham ko‘zda tutilgan. Shu orqali qurilmani smartfonning orqa qismiga mahkamlash mumkin.

USB-C o‘rniga maxsus kabel

Qurilmaning juda yupqa korpusi sababli unda odatiy USB-C portidan foydalanilmagan. Uning o‘rniga SnapLink deb nomlangan maxsus ulagichli kabel ishlatiladi.

Bunday ulanish usuli SSD’ni iPhone’dan ajratmasdan foydalanish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, telefondan katta hajmdagi video va boshqa fayllarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqi xotiraga yozishda qulay bo‘lishi mumkin.

Tezligi 1 GB/s dan oshadi

Texnik imkoniyatlariga ko‘ra, Lexar Muse ma’lumotlarni soniyasiga 1050 MB gacha tezlikda o‘qiy oladi. Yozish tezligi esa 1000 MB/s gacha yetadi.

Tashqi SSD 512 GB va 1 TB hajmdagi versiyalarda sotuvga chiqariladi. Qurilmaning yil oxiriga yaqin bozorda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha Lexar Muse’ning narxi ma’lum qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Poco X8 Power 10 000 mA/soat batareya bilan taqdim etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek