O‘zbekiston MDHda venchur bitimlari soni bo‘yicha yetakchiga aylandi

2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan tashqari MDH davlatlarida qayd etilgan 58 ta venchur bitimning 44 tasi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan. Bu mintaqadagi jami bitimlarning 76 foizini tashkil etadi. Bu haqda DSIGHT kompaniyasining Venchur Yevroosiyo tadqiqoti e’lon qilindi.
Venchur bitimlarning 76 foizi O‘zbekistonda amalga oshirilgan
DSIGHT kompaniyasining Venchur Yevroosiyo tadqiqotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Rossiyadan tashqari MDH mamlakatlari orasida venchur faolligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
Hisobot davrida mintaqada tasdiqlangan 58 ta venchur bitimning 44 tasi O‘zbekistondagi startaplarga to‘g‘ri kelgan. Qozog‘istonning ulushi 12 foiz, Ozarbayjonniki esa 5 foiz bo‘lgan.
Umuman olganda, Rossiyadan tashqari MDH davlatlarida bitimlar soni Rossiyadagi ko‘rsatkichdan ham yuqori bo‘lgan — mos ravishda 58 va 35 ta.
Investitsiyalarning asosiy qismi Uzum hissasiga to‘g‘ri kelgan
Bitimlar soni bo‘yicha O‘zbekistonning ustunligiga qaramay, jalb qilingan mablag‘lar hajmida vaziyat biroz boshqacha.
Hisobot davrida MDH venchur bozoridagi investitsiyalarning umumiy qiymati 143,2 mln dollarni tashkil etgan. Shundan $131,5 mlni Uzum’ning bitta yirik investitsiya raundiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu bitim hisobga olinmasa, mintaqadagi venchur investitsiyalar hajmi atigi $11,7 mlnni tashkil etadi. Bu Rossiya bozoridagi ko‘rsatkichdan qariyb 2,5 baravar kam.
MDH bo‘yicha median investitsiya cheki $95 ming atrofida bo‘lgan. Bu bozor asosan kichik hajmdagi, dastlabki bosqichdagi investitsiyalar hisobiga rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Bozor faolligini bir nechta fond ta’minlamoqda
Tadqiqotda O‘zbekiston venchur bozorining muhim jihatlaridan biri sifatida investitsiya faolligining bir nechta fond o‘rtasida taqsimlangani qayd etilgan.
2026-yilning birinchi yarmida Yoshlar Ventures 13 ta, Aloqa Ventures 11 ta, IT Park Ventures 10 ta, Imkon Ventures 7 ta va United Ventures 3 ta bitimda ishtirok etgan.
Bu O‘zbekistondagi venchur faolligi faqat bitta yirik investor hisobiga emas, balki bir nechta mahalliy fondlarning faoliyati orqali shakllanayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda yana $30 mln kapital jalb qilindi
Yilning dastlabki olti oyida mamlakatdagi institutsional venchur kapital hajmi ham oshgan. Ikki fond jami $30 mln qo‘shimcha moliyalashtirish olgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda yangi pre-seed fond tashkil etilib, u startaplarning dastlabki bosqichlariga muntazam investitsiya kiritish rejalarini bildirgan.
Asosiy muammo — investorning chiqish imkoniyati
Venchur bozoridagi bitimlar va fondlar sonining o‘sishiga qaramay, mintaqada investorlar uchun kapitalni qaytarish, ya’ni exit mexanizmlari hali yetarlicha rivojlanmagan.
2026-yilning birinchi yarmida MDH davlatlarida atigi uchta M&A yoki exit bitimi qayd etilgan. Ularning barchasi Qozog‘istonda amalga oshirilgan.
Shu sababli O‘zbekiston venchur bozori uchun navbatdagi muhim vazifa nafaqat startaplarga investitsiya kiritish, balki investorlar uchun kompaniyadan muvaffaqiyatli chiqish imkoniyatlarini ham rivojlantirish bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda statistika tizimi yangilanishi haqida yozgandi.