Qashqadaryoda qor yog‘di — foto

Qashqadaryo viloyatidagi «Hisor» davlat qo‘riqxonasida havo keskin sovidi. Natijada qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlaridagi yuqori tog‘li hududlar qor bilan qoplandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, havo haroratining keskin pasayishi ortidan Miraki va G‘elon bo‘limlarining yuqori qismlariga qor yoqqan. Hisor davlat qo‘riqxonasi G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlaridan iborat.
Qo‘riqxona maydoni 81 ming gektardan ortiq



Hisor davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan.
Uning asosiy vazifasi Hisor tizmasining shimoli-g‘arbiy tarmoqlaridagi tabiiy hududlarni asl holicha saqlash, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda tabiiy jarayonlarni o‘rganishdan iborat.
Qo‘riqxonaning umumiy maydoni 81 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 24,3 ming gektari o‘rmon bilan qoplangan. Shuningdek, 35 ming gektar hudud baland tog‘lar, qoyalar, jarliklar va muzliklardan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Surxon» davlat qo‘riqxonasida ilk bor jayronlar ko‘rinish bergani haqida xabar berilgandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘riqxona hududiga Turkmanistondan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tgan.
Qayd etilishicha, 1986-yilda tashkil etilgan qo‘riqxona tarixida bu ilk bor jayronlarning hududda qayd etilishidir. Mutaxassislar buni qo‘riqxonada yaratilgan qulay tabiiy sharoitlar va ekotizimning yaxshilanishi bilan izohlamoqda.