Shahrisabz ko‘chasida 1,2 kilometrlik BRT yo‘lagi ishga tushdi

eʼlon qilindi
Yo‘lning ostki qismi ham qayta qurildi
Shahrisabz ko‘chasida 1,2 kilometrlik BRT yo‘lagi ishga tushdi
Shahrisabz ko‘chasida 1,2 kilometrlik BRT yo‘lagi ishga tushdi / Videodan ekran tasviri

Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markaziga ko‘ra, yangi uchastka 1,2 kilometrni qamrab oladi va unda avtobuslar uchun alohida yo‘lak hamda beshta yangi bekat tashkil etildi.

BRT yo‘lagi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan qismda barpo etildi.

Avtobuslar uchun alohida yo‘lak ajratildi

Yangi BRT uchastkasida jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi tashkil etilgan.

U umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali jismonan ajratilgan. Bu avtobuslarning tirbandlik ta’siriga kamroq tushishi va qatnov oralig‘ini barqaror saqlashiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida beshta yangi avtobus bekati qurilgan.

Yo‘lning ostki qismi ham qayta qurildi

Qurilishda faqat asfalt qoplamasi yangilanmagan. Katta sig‘imli avtobuslarning doimiy harakati hisobga olinib, yo‘lning ostki konstruksiyasi ham to‘liq qayta qurilgan.

Ayrim joylarda ikki metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari olib borilib, eski asos olib tashlangan. So‘ng yo‘l poydevori qaytadan shakllantirilgan.

Grunt namligi va yo‘lning keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish uchun geotekstil qoplama yotqizilgan. Shundan keyin qum-shag‘al aralashmasi, mustahkamlovchi qatlam hamda bir necha qatlam asfalt-beton yotqizilgan.

Umumiy loyiha 3 kilometrni qamrab oladi

Foydalanishga topshirilgan 1,2 kilometrlik qism Shahrisabz ko‘chasidagi BRT loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi.

Umumiy loyiha doirasida ko‘chaning qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yo‘lagi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Nurafshon yo‘lida kuniga 130 ming avtomobil o‘tkaza oladigan yo‘l o‘tkazgich ochilgandi. Qiymati 240 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda amalga oshirildi. 

Shuningdek