Starlink ayrim hududlarda 50 foiz arzonlashdi

eʼlon qilindi
Eng qimmat tarif oyiga $65 bo‘ldi
Starlink ayrim hududlarda 50 foiz arzonlashdi
Foto: depositphotos

SpaceXAI kompaniyasi AQShning ayrim hududlarida Starlink uy interneti uchun 50 foizlik chegirma e’lon qildi. Bu haqda tom’sHardware ma’lum qildi.

Aksiya Tennessi shtatining Memfis shahri va unga qo‘shni Missisipi shtatidagi Sautheyven aholisi uchun amal qilmoqda.

Chegirma Starlink’ning barcha uchta uy tarifini qamrab oladi. Bundan tashqari, yangi mijozlarga Starlink V5 uskunasini ijaraga olishda dastlabki qurilma xarajatlarini to‘lamaslik imkoniyati ham berilmoqda.

Eng qimmat tarif oyiga $65 bo‘ldi

Aksiya doirasida 100 Mbit/s gacha tezlikdagi tarif narxi oyiga $55 dan $27,50 gacha tushirildi.

200 Mbit/s gacha tezlik beradigan tarif esa $85 o‘rniga $42,50 ga taklif qilinmoqda. Starlink Max tarifi oyiga $130 dan $65 gacha arzonlashtirilgan.

Yangi abonentlar yaqinda taqdim etilgan Starlink V5 uskunasini ijaraga olsa, qurilma uchun alohida to‘lov qilmaydi. Bu dastlabki xarajatlarda $349 gacha tejash imkonini beradi.

Aksiyadan qariyb 2 ming kishi foydalangan

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu taklifdan hozirgacha qariyb 2 ming kishi foydalangan.

Bu Memfis miqyosida nisbatan kichik ko‘rsatkich hisoblanadi. Shaharda 600 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, uy xo‘jaliklari soni esa 250 mingdan oshadi.

Avvalroq «Kursiv» Starlink sun’iy yo‘ldoshlari soni 100 mingdan oshishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek