Uch hududda qariyb 12,8 kg giyohvandlik vositasi olindi

Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda katta miqdordagi giyohvandlik vositalari muomaladan olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchta holatda jami 12 kg 789 gramm giyohvandlik vositasi aniqlangan.
Bo‘stonliqda 5 kg «gashish» aniqlandi
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari Bo‘stonliq tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Cobalt» avtomobili to‘xtatilmoqchi bo‘lgan. DXX ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi qonuniy talabga bo‘ysunmasdan qochishga uringan va avtomobil salonidagi ikki o‘ram shubhali moddani tashlab yuborgan.
Keyinchalik avtomobil to‘xtatilib, salonidan yana ikki o‘ram, shuningdek, mazkur shaxs olib ketishi kerak bo‘lgan geolokatsiyadan yana bir o‘ram topilgan.
Ekspertiza natijasida moddalar jami 5 kg «gashish» ekanligi aniqlangan.
Chilonzorda sintetik narkotiklar fosh etildi
Yana bir tezkor tadbir DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida Chilonzor tumanida o‘tkazildi.
2005-yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi tekshirilganda uning yonidan zip-paketga solingan kukunsimon modda topilgan. Shundan so‘ng u vaqtincha yashayotgan xonadon ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruvda turli oziq-ovqat mahsulotlari nomi ostida qadoqlangan paketlar ichidan 4 kg 133 gramm «3-xlorometkatinon», 403 gramm «Amfetamin», 720 gramm «MDMA» hamda 20 gramm «kokain» aniqlangan.
Mazkur moddalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
«Lasetti»ning yoqilg‘i bakidan 2,5 kg «Alfa-PVP» topildi
Namangan viloyatida esa DXX hududiy boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari va Bojxona organlari hamkorligida Uchqo‘rg‘on tumanidagi chegara-bojxona postida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga kirib kelgan, Chortoq tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Lasetti» avtomobili tekshirilganda uning yoqilg‘i baki ichiga yashirilgan 2 kg 513 gramm «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasi aniqlangan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, haydovchi bilan chegara-bojxona postigacha birga kelgan, postni piyoda kesib o‘tib, O‘zbekiston hududida uni kutib turgan 2005-yilda tug‘ilgan chortoqlik shaxs ham ushlangan.
Jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
DXXga ko‘ra, uchala holat yuzasidan tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda giyohvandlik vositalarining kelib chiqishi, ularni olib kirish va tarqatish bilan bog‘liq boshqa holatlarni aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Farg‘ona va Namanganda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.