Volkswagen 2030-yilgacha 100 ming ish o‘rnini qisqartiradi

4-sentabr 2026 07:53 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Volkswagen 2030-yilgacha 100 ming ish o‘rnini qisqartiradi
Foto: depositphotos

Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserni 2030-yil oxirigacha dunyo bo‘ylab 100 mingta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu kompaniya tarixidagi va jahon avtomobil sanoatidagi eng yirik qisqartirishlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda DW xabar berdi.

Kompaniya rahbariyati va kasaba uyushmalari qo‘shimcha 50 mingta ish o‘rnini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Avvalroq yana 50 mingta ish o‘rnini qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Shu tariqa, umumiy qisqartirishlar soni 100 mingtaga yetadi.

Xodimlarning qariyb 15 foizi qisqartiriladi

Volkswagen ma’lumotiga ko‘ra, rejalashtirilgan qisqartirishlar konsernning dunyo bo‘ylab jami xodimlarining qariyb 15 foiziga teng.

Kompaniya tarkibiga Volkswagen brendidan tashqari Audi va Porsche kabi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham kiradi.

Kompaniya bayonotida xodimlar sonini iqtisodiy sharoitga moslashtirish zarurligi ta’kidlangan. Biroq Volkswagen qisqartirishlar aynan qaysi mamlakatlar va korxonalarga qanday taqsimlanishini hozircha batafsil ochiqlamadi.

DW qayd etishicha, miqyosi bo‘yicha bu jarayon 2009-yilda bankrotlikdan keyin General Motors tomonidan amalga oshirilgan 50 ming kishilik qisqartirishdan ham katta bo‘ladi.

Germaniyadagi to‘rtta zavodning kelajagi noaniq

Volkswagen Germaniyadagi Hannover, Emden, Tsvikkau va Nekkarzulm shaharlarida joylashgan to‘rtta yirik zavodning uzoq muddatli faoliyatini ham kafolatlay olmayotganini bildirdi.

Ushbu korxonalardan birortasi to‘liq yopiladigan bo‘lsa, bu Volkswagen’ning Germaniyadagi zavodlaridan birining ilk bor to‘liq faoliyatini to‘xtatishi bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen yana 50 ming ish o‘rnini qisqartirmoqchi ekanligini yozgan edi.

Shuningdek