iPhone Ultra narxi, Prezident Administratsiyasida o‘zgarish — 5-sentabr yangiliklari

iPhone Ultra narxi, Prezident Administratsiyasida o‘zgarish — 5-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Shomurodov va Fayzullayev «Galatasaray»ga qarshi o‘yindan keyin qanday baholandi

Turkiya Superligasining to‘rtinchi turida «Istanbul Bashakshehir» «Galatasaray»ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev asosiy tarkibda maydonga tushdi. Flashscore portali uchrashuvdan so‘ng futbolchilarning o‘yinini baholadi.
iPhone Ultra narxi ochiqlandi

Apple’ning yangi iPhone Ultra modeli AQShda taxminan $2 mingdan sotuvga chiqishi mumkin. Vodafone operatorlari ma’lumotlarida qurilmaning narxi va xotira variantlari paydo bo‘lgan, biroq Apple bu ma’lumotlarni hozircha rasman tasdiqlamagan. Bu haqda Mydrivers xabar berdi.
Avstraliyadagi ma’lumotlarga ko‘ra, 256 GB xotirali iPhone Ultra 3 699 Avstraliya dollari, 512 GB versiya 4 199 dollar, 1 TB xotirali model esa 4 699 Avstraliya dollari turishi mumkin.
Javohir Sindarov Hindistonda o‘ziga xos tarzda kutib olindi — video

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Bengaluru shahrida an’anaviy tarzda kutib olindi. Shaxmatchi Tech Mahindra Global Chess League 2026 turnirida qatnashish uchun Hindistonga yetib borgandi.
Chess with Lokesh Instagram sahifasida Sindarovning mehmonxonaga kelgan payti aks etgan video e’lon qilindi.
«Manchester Siti» Chempionlar ligasi oldidan Husanov bo‘yicha qaror qabul qildi

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning 2026/27-yilgi Chempionlar ligasi umumiy bosqichi uchun qaydnomasidan joy oldi. 22 yoshli futbolchi klubning A ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqda Sports.kz xabar berdi.
«Manchester Siti» turnir uchun jami 23 futbolchini A ro‘yxatga kiritdi. Ular orasida Abduqodir Husanov ham bor.
Alisher Samadov o‘rniga Timur Butunbayev: Prezident Administratsiyasida o‘zgarish bo‘ldi

Prezident farmoni bilan Alisher Baxadirovich Samadov O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.
Prezident farmoni bilan Timur Nuryigitovich Butunbayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining suv islohotlari bo‘yicha o‘rinbosari – Huquqiy ekspertiza departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Akula emas, Siam balig‘i — Farg‘onadagi holat bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasi izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida akula boqilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi o‘rganishidan so‘ng bu baliq akula emas, Siam somi ekani ma’lum bo‘ldi.
Holat Farg‘ona shahrining Muruvvat mahallasida o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro T.M. akula emas, balki Siam somi balig‘ini boqib kelgan.
O‘zbekistonda 11 mingdan ortiq dorixona «Elektron retsept» tizimida ishlamoqda

O‘zbekistonda 11 mingdan ziyod dorixona «Elektron retsept» tizimi asosida faoliyat yuritmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tizim orqali shifokor bemor uchun QR-kodli elektron retsept shakllantiradi va u avtomatik ravishda dorixonalarning axborot tizimiga yuboriladi.
«Elektron retsept» DMED tizimining asosiy modullaridan biri hisoblanadi. U dori vositalarini tayinlash va sotish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev 7–8-sentabr kunlari Serbiyada bo‘ladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan 7–8-sentabr kunlari ushbu mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Tashrif doirasida Belgradda oliy darajadagi muzokaralar va O‘zbekiston–Serbiya biznes forumi o‘tkaziladi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanadi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga qo‘shimcha ustama to‘lash tizimi joriy etiladi. Bakalavriatni tamomlaganlarga har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari, magistraturani bitirganlarga esa 2 baravari miqdorida ustama beriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.