
O‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA)ning chempionlik jangi bo‘yicha qaroridan noroziligini bildirdi. Bu haqda bokschi Instagram sahifasida post joyladi.
Bokschi o‘zining majburiy da’vogar maqomiga ega ekanini ta’kidlab, navbat boshqa sportchiga berilayotganini tanqid qildi.
«WBA o‘z qoidalarini e’tiborsiz qoldiryapti»
Meliqo‘ziyevning ta’kidlashicha, u bir nechta saralash janglarini o‘tkazib, WBAning rasmiy majburiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, WBA va Golden Boy navbatdagi jangi chempionlik uchun bo‘lishini kafolatlagan.
«Men WBAga o‘z qoidalarini e’tiborsiz qoldirayotganini tushunmayapman. Bir nechta saralash janglarini o‘tkazdim va rasmiy majburiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritdim. WBA hamda Golden Boy menga navbatdagi jang chempionlik jangi bo‘lishini kafolatlagandi».
Bokschining aytishicha, u meksikalik Xayme Mungiyaga navbatni berishga rozi bo‘lgan va buning evaziga keyingi jangida chempionlik uchun ringga chiqishi va’da qilingan. Biroq hozir Mungiya WBA reytingining kuchli 15 taligiga ham kirmaydigan bokschiga qarshi jangga tayyorlanmoqda.
«Munguiani oldinga o‘tkazishim evaziga keyingi jangim chempionlik jangi bo‘lishiga va’da qildi va u hozirda esa WBA reytingida 15 talikda ham yo‘q bokschiga qarshi tayyorgarlik ko‘rmoqda».
«12 ta jang o‘tkazdim, to‘rtta saralash jangida g‘alaba qozondim»
Meliqo‘ziyev o‘zining majburiy da’vogar maqomiga qanday erishganini ham eslatib o‘tdi. Uning qayd etishicha, WBA sanksiyasi ostida 12 ta jang o‘tkazib, to‘rtta saralash jangida g‘alaba qozongan.
«WBA sanksiyasi ostida 12 ta jang o‘tkazdim, to‘rtta saralash jangida g‘alaba qozondim va yillar mobaynida mehnat qildik, o‘zimizni ustimizda ishlab, ushbu maqomni qo‘lga kiritdim».
Bokschi chempion va majburiy da’vogar o‘rtasidagi jang uchun boshqa da’vogarlar navbatdan oldinga o‘tmasligi kerakligini ta’kidladi.
«Munguia chempion, men esa majburiy da’vogarman. Bizning oldimizga hech kim tushmasligi kerak».
«Munguia bilan jangimiz tomoshabop bo‘ladi»
Meliqo‘ziyev Xayme Mungiya bilan jangni eng mantiqiy variant deb hisoblaydi. U har ikki bokschining hujumkor uslubini inobatga olib, bu qarama-qarshilik muxlislar uchun unutilmas jangga aylanishi mumkinligini aytdi.
«Munguia bilan mening jangim juda ham mantiqli jang bo‘ladi. U ham hujumkor boks qiladi, men ham hujumkor boks qilaman. Bizning jangimiz haqiqiy tomoshabop, tomoshabinlarning esidan chiqmaydigan, yodidan ko‘tarilmaydigan murosasiz jang bo‘ladi, deb o‘ylayman».
Uning fikricha, mazkur jang Canelo va Bivolning jang kechasiga mukammal qo‘shma asosiy jang bo‘la oladi.
«O‘zbekiston sharafini himoya qilaman»
Meliqo‘ziyev Mungiya bilan jangni Meksika va dunyo miqyosidagi qarama-qarshilik sifatida ko‘rishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday jangda u O‘zbekiston sharafini himoya qilgan bo‘lardi.
«Meksika va dunyo miqyosidagi jangda men O‘zbekiston sharafini himoya qilaman. U esa Meksika sharafini himoya qiladi. Bilamizki, ikkala davlatda ham havaskor boksda ham, professional boksda ham juda ham yaxshi boks maktabi rivojlangan».
«Mening vaqtim keldi»
O‘zbekistonlik bokschi barcha jangchilarni hurmat qilishini, biroq endi o‘ziga berilishi kerak bo‘lgan imkoniyatni kutayotganini ta’kidladi.
«Men barcha jangchini hurmat qilaman, ammo mening vaqtim keldi. Men shuncha yillik mehnatlarimni, imkoniyatlarimni olishga loyiqman».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov va Fayzullayev «Galatasaray»ga qarshi o‘yindan keyin qanday baholangani haqida yozgandi.