Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik haqida xabar bermaganlar jarimaga tortilishi mumkin

O‘zbekistonda erta nikoh, 16 yoshga to‘lmaganlarning homiladorligi va tug‘ish holatlari haqida tegishli organlarga xabar bermagan mansabdor shaxslar va xodimlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qonun loyihasi kim tomonidan ishlab chiqilgan
Mazkur loyiha Prezidentning 2026-yil 3-martdagi ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan farmoni ijrosi doirasida Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.
Farmonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDY bo‘limlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idoralar vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida tegishli organlarga xabar bermasligi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilgan.
Kimlar haqida xabar berishi kerak
Qonun loyihasiga ko‘ra, zimmasiga bunday majburiyat yuklatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda xodimlari aniqlangan huquqbuzarliklar haqida ichki ishlar organlari va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga belgilangan tartibda xabar berishi kerak bo‘ladi.
Amaldagi qonunchilikda esa bunday holatlar haqida xabar bermagan mansabdor shaxslar va xodimlar uchun alohida ma’muriy javobgarlik chorasi mavjud emas.
Birinchi holat uchun 6,6 mln so‘mgacha jarima
Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 188-5-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, huquqbuzarlik haqida xabar bermagan fuqarolar va xizmatchilarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
Mansabdor shaxslar uchun esa jarima BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha – 2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha etib belgilanmoqda.
Takroriy holatda jarima oshiriladi
Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori oshiriladi.
Bunday holatda fuqarolar va xizmatchilar BHMning 5 – 10 baravari, ya’ni 2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar esa BHMning 10 – 15 baravari — 4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Maqsad — huquqbuzarliklarni erta aniqlash
Loyiha mualliflariga ko‘ra, yangi tartib huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining aniqlangan huquqbuzarliklar haqida xabar berish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish hamda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda AQSh va Hindiston kabi davlatlarning tajribasi ham o‘rganilgan.
Hujjat hozircha loyiha maqomida bo‘lib, 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda 11 mingdan ortiq erkaklar o‘zidan katta ayolga uylangani haqida yozgandi.