
Lenovo kompaniyasi narxi $1000 dan boshlanadigan ThinkBook 14x Gen 2 noutbukini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qurilma 14 dyuymli ekraniga qaramay, atigi 12,9 mm qalinlik va 990 gramm vaznga ega.
Juda yupqa va yengil korpus
Yangi noutbukning qalinligi 12,9 mm, og‘irligi esa 990 grammni tashkil etadi. Korpusning yon qirralari yumaloq shaklda ishlangan. Portlar joylashgan qismlarda esa maxsus kesmalar mavjud.
Lenovo’ning yangi modeli kompaniya yaqinda namoyish qilgan 10 mm qalinlikdagi Aeroblade konseptidan biroz qalinroq bo‘lsa-da, ThinkBook 14x Gen 2 seriyali ishlab chiqarishga mo‘ljallangan model hisoblanadi.
Intel protsessori va 32 GB tezkor xotira
Noutbuk Intel Core Series 3 protsessorlari asosida ishlaydi. Qurilmaning operativ xotirasi 32 GB gacha, SSD doimiy xotirasi esa 2 TB gacha bo‘lishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchi turli konfiguratsiyalar uchun ikki xil ekran variantini taklif qiladi. Ulardan biri 2.8K aniqlikdagi 120 Gts OLED displey bo‘lsa, ikkinchisi 1200p aniqlikdagi IPS ekran hisoblanadi.
65 Vt·soatgacha akkumulyator
ThinkBook 14x Gen 2 ikkita akkumulyator variantiga ega bo‘ladi. Qurilma 54,7 yoki 65 Vt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi.
Intel Core Series 3 protsessorlari va katta sig‘imli akkumulyator kombinatsiyasi noutbukning avtonom ishlash vaqtini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sotuvlar sentabrda boshlanadi
Lenovo ThinkBook 14x Gen 2 noutbukining boshlang‘ich narxini $1000 etib belgilagan.
Yangi modelning sotuvlari 2026-yil sentabr oyida boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lenovo kompaniyasi Nintendo o‘yinlarining nusxalariga ega Legion G02 konsolini chiqargani haqida yozgandi.