
Dunyoga mashhur kolumbiyalik xonanda Shakira Bishkekda konsert berishi mumkin. Hozirda uning 2026-yil noyabr oyida «Bishkek Arena»da chiqish qilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Jahon yulduzini Qirg‘izistonga olib kelish xarajatlari esa bir necha million dollarga baholanmoqda.
Shakira bilan muzokaralar olib borilmoqda
Qirg‘iziston Prezidenti mulkini boshqarish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Shakiraning Bishkekdagi konserti bo‘yicha tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Hozircha tadbirning aniq sanasi va boshqa tafsilotlar rasman e’lon qilinmagan.
Konsert davlat miqyosida tashkil etilayotgani sababli xonandaning aniq gonorari ham ochiqlanmagan.
Shakira uchun $5–7,5 million kerak bo‘lishi mumkin
Xalqaro shou-biznes bozoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Shakira darajasidagi jahon yulduzini konsertga taklif qilishning o‘zi kamida $5 milliondan $7,5 milliongacha mablag‘ talab qilishi mumkin.
Avvalroq Shakiraning 2026-yilda Markaziy Osiyo turnesi doirasida Qozog‘istonda konsert berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. O‘shanda xonanda Qozog‘istonda chiqish qilishi uchun $7,5 million so‘ragani aytilgan.
Shundan kelib chiqib, Shakiraning Bishkekdagi konserti ham bir necha million dollarga tushishi mumkin.
Asosiy xarajat faqat gonorardan iborat emas
Jahon yulduzining konsertini tashkil etishda xonanda gonoraridan tashqari boshqa katta xarajatlar ham yuzaga keladi. Jumladan, sahna uchun tonnalab audio va vizual uskunalar, maxsus dekoratsiyalar, raqqoslar, musiqachilar va texnik mutaxassislardan iborat jamoani olib kelish talab etiladi.
Shuningdek, katta jamoa uchun charter reyslar, 5 yulduzli mehmonxonalarda joylashtirish hamda stadion miqyosidagi xavfsizlik choralarini ta’minlash ham tashkilotchilar zimmasidagi xarajatlardan bo‘ladi.
«Bishkek Arena» 51 ming tomoshabinni sig‘diradi
Shakiraning konserti uchun asosiy maydon sifatida «Bishkek Arena» ko‘rilmoqda. Yangi stadion 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, FIFA standartlariga muvofiq qurilgan.
Arenadagi ilk yirik tadbirlardan biri 31-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Unda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti bilan taqqoslash
Jahon yulduzlarining Markaziy Osiyodagi konsertlari katta xarajatlar bilan birga iqtisodiy faollikni ham oshirishi mumkin. Masalan, 2025-yil avgustida Jennifer Lopes Toshkentda konsert bergandi.
«Milliy» stadionidagi konsert chiptalari 1 million so‘mdan 4,2 million so‘mgacha sotilgan. Shu asosda tadbirdan tushishi mumkin bo‘lgan daromad 25 milliard so‘mdan 105 milliard so‘mgacha baholangandi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi konsertni tashkil etish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmaganini bildirgan. Tadbir natijasida Toshkent shahriga 42,5 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumi tushgani ma’lum qilingan.
Konsert, shuningdek xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilgani, mehmonxona, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani qayd etilgan.
Konsert uchun katta kuch safarbar qilingan
Jennifer Lopesning Toshkentdagi chiqishi vaqtida jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun 88 ta yo‘l-patrul xizmati va maxsus texnika, 8 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 3 800 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi, 300 nafar ko‘ngilli hamda 500 nafar obodonlashtirish xodimi jalb etilgandi.
Shakira Bishkekda konsert berishi tasdiqlansa, tadbir uchun ham shunga o‘xshash keng ko‘lamli tashkiliy va xavfsizlik choralarini ko‘rish talab etilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shakira va Eminemning Olmaotadagi konserti narxlari ochiqlangani haqida yozgandi.