
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Assaubayeva ishtirok etayotgan FYERS American Gambits jamoasi Tech Mahindra Global Chess League 2026 turnirining ilk kunidan so‘ng yakka peshqadamga aylandi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar berdi.
Jamoa ikki uchrashuvda g‘alaba qozondi
Hindistonning Bengaluru shahrida o‘tkazilayotgan turnirning dastlabki kunida FYERS American Gambits ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonib, 6 ochko jamg‘ardi.
Birinchi bahsda jamoa PBG Alaskan Knights ustidan 10:4 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Ushbu uchrashuvda Javohir Sindarov sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anandni mag‘lub etdi. Bibisara Asaubayeva esa Yekaterina Lagno bilan durang o‘ynadi.
Amaldagi chempionlar ham mag‘lub etildi
Ikkinchi uchrashuvda FYERS American Gambits amaldagi chempion Triveni Continental Kings jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Bu safar ham Sindarov va uning jamoadoshlari yirik hisobda zafar quchdi – 14:5. Javohir Sindarov va Bibisara Asaubayeva o‘z partiyalarini durang bilan yakunladi.
Keyingi raqib — Magnus Karlsen jamoasi
Turnirning navbatdagi bahsida FYERS American Gambits Alpine APL Pipers jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Ushbu jamoa safida shaxmat afsonasi, norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen ishtirok etmoqda.
Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, FYERS American Gambits 6 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Alpine APL Pipers va Ganges Grandmasters 3 ochkodan jamg‘argan. Triveni Continental Kings, CheQ Mumba Masters hamda PBG Alaskan Knights hisobida hozircha ochko yo‘q.
Turnirning sovrin jamg‘armasi — $1 million
Tech Mahindra Global Chess League 2026 turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiladi. Musobaqa 13-sentabrgacha davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov Hindistonda o‘ziga xos tarzda kutib olingani haqida yozgandi.