Avgustda go‘sht mahsulotlari importi 22 foizga oshdi

O‘zbekiston 2026-yil avgustida $103,5 mlnlik go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025-yilning avgustidagi $84,7 mlnlik ko‘rsatkichdan 22,1 foizga ko‘p.
Import tarkibida eng katta ulush qoramol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan. Avgustda xorijdan 20,98 ming tonna qoramol go‘shti qariyb $85,7 mln evaziga olib kirilgan.
Qoramol go‘shti importi qariyb 35 foizga ko‘paydi
2025-yil avgustida O‘zbekistonga 15,55 ming tonna qoramol go‘shti import qilingan edi.
Joriy yil avgustida mazkur ko‘rsatkich 20,98 ming tonnaga yetdi. Natijada qoramol go‘shti importi bir yil ichida miqdor jihatidan 34,9 foizga oshdi.
Tovuq va qo‘y go‘shti importi kamaydi
Avgust oyida 5,71 ming tonna tovuq go‘shti import qilingan. Bu o‘tgan yilning shu oyidagi 5,83 ming tonnaga nisbatan 2,1% kam.
Qo‘y go‘shti importi ham 5,7 foizga qisqarib, 3,19 ming tonnadan 3,01 ming tonnagacha tushgan.
Shu bilan birga, go‘sht submahsulotlari importi 2,19 ming tonnadan 2,68 ming tonnaga ko‘payib, 22,1% o‘sdi.
O‘rdak va kurka go‘shti importida keskin o‘sish kuzatildi
O‘rdak go‘shti importi 2025-yil avgustidagi 12,7 tonnadan joriy yil avgustida qariyb 1,07 ming tonnagacha ko‘paygan.
Kurka go‘shti importi esa 52,6 tonnadan 273,9 tonnagacha oshib, qariyb 5,2 baravar ko‘paygan.
Ot go‘shti importi ham 20 tonnadan 60 tonnagacha, ya’ni uch baravar oshgan.
Ayni paytda konservalangan go‘sht mahsulotlari importi 40,8 foizga, kolbasa mahsulotlari esa 38,6 foizga kamaygan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga eng ko‘p mol go‘shti Hindistondan import qilinmoqda. 2026-yilning yanvar – iyun oylarida ushbu davlatdan 33,9 ming tonna mol go‘shti olib kelingan. Keyingi o‘rinda Belarus turibdi. Yanvar – iyun oylarida Belarusdan 19,6 ming tonna mol go‘shti import qilingan.