
Kristofer Nolan rejissyorligidagi «Odisseya» filmi jahon kinoprokatida navbatdagi hafta yakunlari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Kartina hafta oxirida $45,96 mln daromad olib, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmini ortda qoldirdi.
«Odisseya» $1,6 mlrddan oshdi
«Odisseya»ning jahon bo‘yicha umumiy kassasi $1,627 mlrdga yetdi. Shundan $584,7 mln AQSh va Kanadadagi prokat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Film xalqaro bozorlarda $1 mlrddan ortiq daromad to‘pladi. Shu tariqa «Odisseya» ushbu natijaga erishgan filmlar qatoridan joy oldi.
Kartina Universal studiyasining eng yuqori daromadli filmi bo‘lib turgan «Yura davri olami»ga ham yaqinlashmoqda. Ushbu filmning jahon prokatidagi umumiy tushumi $1,67 mlrdni tashkil etgan.
«O‘rgimchak odam» $2,4 mlrd yig‘di
«O‘rgimchak odam: Yangi kun» oltinchi prokat haftasida $44,1 mln daromad keltirdi. Filmning jahon bo‘yicha umumiy tushumi qariyb $2,4 mlrdga yetdi.
Shundan $1,485 mlrd xalqaro bozorlarda, $917,8 mln esa AQSh va Kanadada yig‘ilgan.
Mazkur natija bilan «O‘rgimchak odam: Yangi kun» jahon kinoprokatlari tarixidagi eng ko‘p daromad keltirgan filmlar orasida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Undan yuqorida «Avatar» – $2,9 mlrd va «Qasoskorlar: Intiho» – $2,799 mlrd bilan qayd etilgan.
«Odisseya» IMAX’da rekord o‘rnatdi
«Odisseya» IMAX formatida ham yuqori natija ko‘rsatmoqda. Filmning ushbu formatdagi umumiy tushumi $486 mlnga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan u IMAX tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan filmga aylandi.
Yaponiyada filmning 62 ta IMAX ekranidagi dastlabki namoyishlari $755 ming daromad keltirdi. Kartinaning mamlakatdagi keng namoyishi 11-sentabrdan boshlanadi.
«Odisseya» Osiyo bozorida ham kuchli natija ko‘rsatmoqda
Janubiy Koreyada «Odisseya» beshinchi hafta oxirida $7,6 mln ishlab, mamlakatdagi umumiy tushumini $80 mlnga yetkazdi. Bu filmni Universal studiyasining Janubiy Koreyadagi eng yuqori daromadli kartinasiga aylantirdi.
Xitoyda esa «Odisseya» hafta oxirida $5,6 mln daromad oldi. Uning mamlakatdagi umumiy tushumi $98,4 mlnni tashkil etdi. Bu Kristofer Nolan filmlari orasida «Yulduzlararo»dan keyingi ikkinchi eng yuqori natijadir.
Germaniyada filmning umumiy tushumi $59,3 mln, Buyuk Britaniya va Irlandiyada $111,2 mln, Fransiyada qariyb $86 mln, Avstraliyada $44,3 mln va Italiyada $64,1 mlnga yetgan.
Shu bilan birga, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» xalqaro bozorlarda 67 ta mamlakatdagi 24 300 ta ekrandan hafta oxirida $26,1 mln daromad oldi.
Natijada «Odisseya» hafta yakunlari bo‘yicha jahon prokatida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» qariyb $2,4 mlrdlik umumiy tushum bilan tarixdagi eng daromadli filmlar uchligidagi o‘rnini saqlab qoldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Odisseya» Kristofer Nolanning eng kassabop filmiga aylangani haqida yozgandi.