O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi

eʼlon qilindi
Hozirda O‘zbekistonda qariyb 3,8 mln aholi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish taklif etilmoqda. Aholiga gaz yetkazib berish uchun «Hududgazta’minot» ta’sischiligida «LPG-Trade» kompaniyasini tashkil etish, ehtiyojmand oilalarga esa har bir kilogramm gaz uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

3,8 mln aholi suyultirilgan gazdan foydalanadi

Hozirda O‘zbekistonda qariyb 3,8 mln aholi va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha obyektlari suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. 2026-yilda ularning ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Biroq amaldagi tizimda gazni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda. Ayrim hududlarda iste’molchilar belgilangan muddatda gaz ololmay, qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxida qoplashga majbur bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq kutayotgan iste’molchilar ulushi 22 foizni tashkil etadi.

Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya beriladi

Amaldagi tizimda suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha obyektlariga imtiyozli narxda sotilmoqda. Ishlab chiqarish, import, xarid va yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi tafovut esa davlat subsidiyalari hisobidan qoplanmoqda.

Yangi mexanizmda umumiy subsidiyalash o‘rniga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash taklif qilinayotir.

Bunda ehtiyojmand aholiga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanadi. Shu orqali narx siyosatini bosqichma-bosqich tartibga solish va budjet mablag‘larini bevosita yordamga muhtoj iste’molchiga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

«LPG-Trade» gazni birja orqali xarid qiladi

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish uchun «Hududgazta’minot» ta’sischiligida «LPG-Trade» MChJ yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda.

Yangi tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali sotib olib, belgilangan tartibda aholiga yetkazib berishi kerak.

Ijtimoiy soha obyektlari uchun esa gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotishdan yuzaga keladigan tafovutni respublika budjeti hisobidan qoplash mexanizmi taklif etilmoqda.

Andijonda xususiy operatorlar sinovdan o‘tkaziladi

Suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha Andijon viloyatida pilot loyiha amalga oshiriladi.

Unda xususiy operatorlar zarur litsenziya va ruxsatnomalarga, malakali muhandis-texnik xodimlarga ega bo‘lishi kerak. Xizmatlarni kamida ikki operator ko‘rsatishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar joriy etilishi rejalashtirilgan.

Tajriba natijalariga qarab, yangi tizimni boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Prezident ta’minotdagi uzilishlarni tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev islohotlarda birinchi navbatda aholi manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qat’iy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni ta’minlash hamda sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ehtiyojmand qatlamlarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gaz to‘ldirish va tashish jarayonlarida xavfsizlik talablariga rioya qilish hamda xususiy operatorlar faoliyatini nazorat qilish vazifalari belgilandi.

Avvalroq Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi XXR delegatsiyasini qabul qilgandi.

Shuningdek