Parkent va Toshkent o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

7-sentabr kuni Parkent – Toshkent – Parkent yo‘nalishida yangi shaharlararo elektr poyezdi yo‘lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.
24 kilometrlik temir yo‘l liniyasi qurildi
O‘zbekiston temir yo‘llari mutaxassislari tomonidan Baytqo‘rg‘on – Parkent temir yo‘l liniyasini qurish ishlari 2025-yil yanvar oyida boshlangan.
Loyiha doirasida 24 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi. Shuningdek, 3 ta temir-beton ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi qurildi.

Bundan tashqari, 50 o‘rinli yangi Parkent temir yo‘l bekati bunyod etildi.
Chipta narxi 10 ming so‘mgacha

Yangi elektropoyezd 586 ta o‘ringa ega bo‘lib, jami 1154 nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega.
Parkentdan Toshkentgacha bo‘lgan yo‘l taxminan 50 daqiqani tashkil etadi. Chipta narxi kattalar uchun 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan.
Parkent turizm markaziga aylanishi mumkin
Yangi temir yo‘l qatnovi nafaqat mahalliy aholining poytaxtga borib-kelishini yengillashtiradi, balki Parkentning turizm salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Transport infratuzilmasining rivojlanishi tumandagi sayyohlik maskanlariga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish, yangi xizmatlar va ish o‘rinlarini yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.
Elektrlashtirilgan Baytqo‘rg‘on – Parkent temir yo‘l liniyasi va zamonaviy elektropoyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi Parkentning Toshkent bilan transport aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi bilan birga, hududning turizm imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Urganch va Xiva o‘rtasida tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.